Toshkentda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqaror. 2 ta taqsimlash markazi yopildi
Jamiyat
−
09 dekabr 2020
7667Toshkentda ikkita saralash va taqsimlash markazi yopildi. Bunga poytaxt koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligidan xabar qilishlaricha, Toshkent shahrida epidemiologik vaziyatning barqarorlashayotgani inobatga olinib, koronavirusga chalingan va gumon qilingan bemorlarga muolaja uzluksizligini ta’minlash va infeksiyaga qarshi kurashga ixtisoslashgan kuchlarning tarqoqligiga barham berish maqsadida Yunusobod tumanidagi “O‘zekspomarkaz”ning 3- va 4-pavilionlaridagi saralash va taqsimlash markaziga va “Universal” sport majmuasidagi saralash va taqsimlash markaziga koronavirusga chalingan va unda gumon qilingan bemorlarni qabul qilish to‘xtatilgan.
Bu muassasalarda davolanayotgan bemorlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ko‘chiriladi. Ushbu vaqtinchalik shifoxonalarda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari bilan mehnat shartnomalari tegishli tartibda bekor qilinib, ular avvalgi ish joylariga qaytariladi.
Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekistonda pandemiya xavfi nisbatan kamaygani tufayli koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan shug‘ullanadigan 159 ta tibbiyot muassasasidan faqat 32 tasi faoliyat yuritmoqda.
9 dekabr soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 74 352 nafarni tashkil etmoqda. Kasallikdan sog‘ayganlar 71 609 nafar yoki 97 foizni tashkil etmoqda.
LiveBarchasi