Toshkentda “Ipoteka bank” xodimasiga pichoq bilan hujum qilindi
3-sahifa
−
02 dekabr 2020
14257Toshkentda “Ipoteka bank” xodimasiga hujum qilindi va uning avtomobilidagi pullar o‘g‘irlab ketildi. Ushbu bosqinchilik harakati natijasida bank xodimi jiddiy tan jarohati olgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 24 noyabr kuni taxminan soat 17:30 da Mirobod tumani Qo‘yliq 2-dahasida sodir bo‘lgan. Ushbu dahada joylashgan 24-uy yaqinida turgan Nexia-3 avtomobiliga o‘tirib, uning ichida bo‘lgan 39 yoshli O.X.ga pichoq bilan hujum qilgan. Jabrlanuvchi ayol “Ipoteka bank” Sergeli filiali hisobchisi bo‘lgani aytilmoqda.
Bosqinchilar ayolga tan jarohati yetkazib, narxi 1 million 500 ming so‘m bo‘lgan “Redmi note 5” uyali telefon apparati, narxi 5 million so‘m bo‘lgan zirak hamda 130 ming so‘m naqd pullarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringan.
Natijada O.X. olgan tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxslarga nisbatan Mirobod tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 2-qismi “a”, “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov jarayonida ushbu jinoyatni 32 yoshli A.N. va 26 yoshli A.M. sodir etgani, o‘g‘irlangan tilla ziraklar “Qo‘yliq” dehqon bozori yaqinida 700 ming so‘m evaziga sotilgani aniqlangan. Ashyoviy dalil sifatida olingan taqinchoq esa tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotgan bo‘lib, gumonlanuvchi fuqarolarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Dinara Yusupova
LiveBarchasi