Toshkentda Germaniya turistlari oqimini ko‘paytirishga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi
Jamiyat
−
18 may 2023
2560Joriy yilning 16 may kuni Madaniyat va turizm vazirligi hamda Germaniya turistik assotsiatsiyasi (Deutscher Reiseverband e.V. – DRV) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Germaniya va O‘zbekiston turizm sohasi vakillari ishtirokidagi “Destination forum” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbiri forum tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’lum qilinishicha, Germaniyaning yirik turkompaniyalari yordamida O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini G‘arbiy Yevropa bo‘ylab targ‘ib qilish va turistlar sonini ko‘paytirish maqsadida joriy yilning 10-17 may kunlari Germaniya turistik kompaniyalarining 80 nafar vakili O‘zbekistonga keldi. Ular tadbir davomida mamlakatning turistik maskanlariga va o‘ziga xos tarixiy obidalariga tashrif buyurdi. Bu orqali nemis turistlariga mos ob’ektlar o‘rganildi.
Konferensiyada ikki mamlakatning turistik soha vakillari ishtirok etdi. Xususan, Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, Germaniya turistik assotsiatsiyasi rasmiylari Norbert Fibig, Klaus Hildebrandt, Klaus Mangold hamda ikki mamlakatning yirik turistik kompaniyalari rahbarlari tadbirda nutq so‘zlagan.
Aytilishicha, DRV assotsiatsiyasi Germaniya turistik bozori daromadining qariyb 90 foizini tashkil etadi. Xususan, yetakchi turoperatorlar, turistik agentliklar, aviakompaniyalar, temir yo‘l, mehmonxonalar va boshqa sayyohlik biznesi kompaniyalarini o‘zida jamlagan.
“O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik ikki davlatning iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekiston muntazam ravishda jahondagi eng yirik “ITB Berlin” turistik yarmarkasida ishtirok etib, Germaniyaning yetakchi OAV vakillari va turoperatorlari uchun mamlakatimizga press-tur va sayohatlar uyushtirmoqda. Shuningdek, Germaniyada “O‘zbekiston turizm va madaniyati kunlari” o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi”, degan tadbirda so‘zga chiqqan Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad Germaniya turistik assotsiatsiyasi a’zolari bilan birgalikda turizm dasturlarini kengaytirish, Germaniyadan keladigan turistlarni qiziqtiradigan yangi turistik marshrutlarni ishlab chiqish va nemis turoperatorlari bilan hamkorlikni faollashtirish, qolaversa, turistik kompaniyalar o‘rtasida shartnomalar tuzish va hamkorlik tarmoqlarini kengaytirishdan iborat.
“Bundan tashqari, germaniyalik hamkorlar bilan birgalikda reklama kampaniyalarini o‘tkazish va ikki davlatda sayyohlik tadbirlarida ishtirok etish orqali O‘zbekistonning turistik mahsulotini Germaniyada yanada keng targ‘ib qilishdan alohida manfaatdor ekanimizni bildiramiz”, deya qo‘shimcha qildi Nazarbekov.
Shuningdek, Germaniya turistik assotsiatsiyasi prezidenti Norbert Fibig o‘z taassurotlari bilan bo‘lishar ekan, germaniyaliklar vizasiz rejim asosida O‘zbekistonga kela olishi muhim ekanligini ta’kidladi.
“O‘zbekistonda bo‘lganimda mamlakatingizning sayyohlik salohiyati menda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, tarixiy obidalar bir necha asrlardan keyin ham o‘z qiyofasini saqlab qolgani meni hayratga soldi. Samarqandda qo‘lda sifatli qog‘oz tayyorlash, xalq hunarmandchiligi buyumlarini ishlab chiqarish jarayonlarini tomosha qilish menga zavq bag‘ishladi. Nemis sayyohlari bu yerdan unutilmas taassurotlar bilan qaytishlariga ishonaman. Shu bois ishonch bilan ayta olamanki, biz o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda ikki davlat o‘rtasida sayyohlar almashinuvining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu borada germaniyaliklarning O‘zbekistonda 60 kungacha vizasiz rejimda qola olishi katta ahamiyat kasb etadi”, degan Norbert Fibig.
“Destination Forum” doirasida O‘zbekistonni yevropalik sayyohlar uchun mashhur turistik mamlakat sifatida ko‘rsatishga qaratilgan muhokamalar, shuningdek, Germaniya va O‘zbekistonning turizm sohasi tadbirkorlari ishtirokidagi B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2018 yilda Germaniyadan 18,1 ming sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1,6 barobarga, ya’ni 27,6 ming kishiga oshgan. Biroq sayyohlar soni COVID-19 pandemiyasi sababli pasaydi va 2021 yilda 6 900 kishiga kamaydi. Ammo 2022 yilga kelib, turizm sohasidagi hamkorlik tiklandi va 17,8 ming germaniyalik turist O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Sevara Azimova
LiveBarchasi