Toshkentda fuqaro IIB xodimini jarohatladi
Jamiyat
−
03 Sentabr 2021
9818Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokidagi holat videosi tarqaldi. Toshkent shahar IIBB mazkur fakt bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 28 avgust kuni Yangihayot tumani IIO FMB patrul-post xizmati xodimlari safdor Hikmatilla I. va Farxodjon X. tumanning Sputnik 15 massividagi 12-son avtobus parki yaqinida tungi vaqtdagi piyoda patrullash davomida hatti-harakatlari bilan shubha uyg‘otgan ikki nafar fuqaro – 27 yoshli Tursunboy N. va 30 yoshli Ulug‘bek G.ni ko‘rib qolgan.
Xodimlar fuqarolarning yoniga kelib, o‘zlarini tanishtirgach, jamoat joyida niqobsiz yurish ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanishi haqida ogohlantirishgan. So‘ng fuqarolarning shaxslarini aniqlash maqsadida ular tuman IIO FMB ichki ishlar bo‘limiga taklif qilingan.
“Ammo yigitlar bu iltimosga javoban qo‘pol tarzda qarshilik ko‘rsatib, xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysinmadilar. Tursunboy boshi bilan safdor Hikmatilla I.ning burun qismiga zarba berib, unga badan shikasti yetkazdi. Tursunboy va Ulug‘bekning voqea joyiga yetib kelgan patrul-post xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olinish jarayoni videoga tushib qolgan. Huquqbuzarlar IIBga, jabrlanuvchi esa – tibbiyot muassasiga yetkazildi”, deyiladi IIBB xabarida.
Mazkur fakt bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Yangihayot tumani prokuraturasiga yo‘naltirilgan.
Yangihayot tumani prokuraturasi tomonidan Tursunboy N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (“Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.
LiveBarchasi