Toshkentda emlanmagan xodimlar ishdan chetlatilmoqda
Jamiyat
−
19 yanvar 2022
6749Toshkentda tadbirkorlik sub’ektlari va byudjet tashkilotlarida vaksina olmagan 1 ming 44 nafar xodim vaqtinchalik ishdan chetlatildi, 200 nafariga jarimalar qo‘llanildi, 1 ta ob’ektning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda Toshkent shahrida koronavirusga chalinish holati keskin ortib, bemorlar soni 5 ming 600 nafarga yetgan. Bugungi kunda bemorlarning 3 ming 297 nafari statsionar, 2 ming 216 nafari ambulator sharoitda davolanmoqda.
Statsionarda sharoitda davolanayotganlarning 2 ming 935 nafarining ahvoli qoniqarli, 229 nafari og‘ir, 133 nafari o‘ta og‘ir ahvolda.
Epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash va axborotlarni muvofiqlashtirish maqsadida Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va tumanlarda hududiy shtablar tashkil etildi.
Joriy yilning 17 yanvar kuni ishchi guruhlar tomonidan 305 ta tadbirkorlik sub’ekti va 203 ta byudjet tashkilotida tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada tadbirkorlik sub’ektlarining 359 nafar, byudjet tashkilotlarining 885 nafar xodimi vaksina olmagani aniqlangan.
Bunda, vaksina olmagan 1 ming 44 nafar xodim vaqtinchalik ishdan chetlatilgan, 200 nafariga jarimalar qo‘llanilgan, 1 ta ob’ektning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya tomonidan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 65 ta bozor, 31 ta istirohat bog‘i va xiyobonlar, 46 ta ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan ob’ektlar, 22 ta stadion va sport majmualari, 6 ta yirik savdo markazi va 131 ta jome’ masjidida fuqarolarga karantin qoidalariga rioya qilish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilgan.
LiveBarchasi