Toshkentda birinchi qor: hokimlik ko‘chalar muzlashiga tayyormi?

Jamiyat

image

Bundan deyarli ikki hafta oldin qum bo‘roni girdobida qolgan Toshkentda bugun, 17 noyabr kuni birinchi qor yog‘di. Atrofni chang aralash qor qopladi. Tabiiyki, qor yog‘ishi ortidan ko‘chalarda muzlamalar paydo bo‘ladi va yo‘l harakatini qiyinlashtiradi. 

Gidrometeorologiya xizmati bundan bir necha kun oldin ob-havo keskin sovishi haqida xabar berganini hisobga olsa, shahar ma’muriyati bu holatga tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lishi kerak.

QALAMPIR.UZ Toshkent hokimligining sovuq kunlarga qanchalik tayyorgarlik ko‘rganini bilish uchun shahar ma’muriyati Matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Matbuot xizmati shahar ko‘chalari muzlama bo‘lgan taqdirda ularda sharoit borligi va umuman muammo bo‘lmasligini aytib, aravani quruq olib qochdi.

“Bu borada bizda umuman muammolar yo‘q. Kommunal xizmatlar, Obodonlashtirish bosh boshqarmasi kuz-qish mavsumiga shay holatda. Yo‘llarni tozalashga mo‘ljallangan tehnikalar muzlab qolmasligi uchun antifrizlar zaxirasi bor. 

Bundan tashqari, yo‘llarni tozalash uchun tuz zaxiralari ham qilingan. Biz, bir oy oldin kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaganmiz”, dedi Matbuot xizmati.

Hokimlik vakilining qayd etishicha, bugun yog‘gan qor oqibatida yo‘llar muzlamaydi, ertani o‘zidayoq quyosh chiqib ketadi. Dam olish kunlari esa havo harorati 18 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

83

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing