Toshkentda bir tomonlama yo‘llar joriy etilishi mumkin
Jamiyat
−
28 fevral 2019
5428Avvalroq, Toshkent shahrida avtomobillar tirbandligi kundan kunga ortib borayotgani haqida aytgan edik. Mazkur masalalarga yechim topish maqsadida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, “Toshshahartransxizmat” AJ ma’muriyati Turkiyaning “Kalyon Ulastirma” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdilar. Unda transport sohasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan maxsus konsepsiya loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tgani qayd etilmoqda.
Taqdimot davomida turk mutaxassislari tomonidan:
• yo‘llarning geometrik dizaynini o‘zgartirish;
• shahar yo‘llarida bir tomonlama yo‘llar joriy etish;
• avtobuslar qatnovini hisobga olgan holda alohida avtobus liniyalari joriy etish;
• svetofor ishlash ketma-ketligi bir-biriga bog‘liq emasligiga sabab, ularni bir sistemada ishlashi uchun maxsus dasturlar o‘rnatish;
• velosiped va yo‘lovchilar yo‘laklarini rejalashtirish;
• vertikal va gorizontal yo‘l belgilaridagi kamchiliklarni hisobga olib, ularni tartibga soluvchi tizim yaratish;
• jamoat transportlarida avtomatlashgan to‘lov tizimini joriy etish kabi takliflar taqdim etildi.
Toshkent shahar hokimligi axborotida mazkur loyiha orqali shahardagi tirbandliklarni oldini olish, transport oqimini bir tekisda taqsimlanishini ta’minlash ko‘zda tutilgani aytilmoqda.
Bir narsaga alohida to‘xtalib o‘tish jaizki, avtobuslar qatnovini hisobga olgan holda alohida avtobus liniyalari Rahmonbek Usmonov Toshkent shahar hokimi bo‘lgan davrlarda joriy etilgan edi. Biroq yo‘llarimiz va haydovchilarimiz bunga tayyor emasligi, bunday liniyalar esa faqat markaziy ko‘chalarga chizilgani ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqardi.
Shahar yo‘llarida bir tomonlama yo‘llar joriy etish masalasi ham kishida ko‘plab savollarni keltirib chiqaradi. Chunki mazkur amaliyotdan Ozarbayjon poytaxti Baku va Turkiyaning Istanbul shahrida qo‘llanilgan. Biroq, bu manzilga yetishda ko‘proq yoqilg‘i va vaqt sarflanishiga sabab bo‘ladi, xolos. Faqat shuning evaziga tirbandlikning oldi olinadi. Tirbandlikda sarflangan vaqt bir tomonlama yo‘lda sarflangan vaqt bilan deyarli bir xil bo‘ladi.
Qolaversa, Turkiya yo‘lsozlik borasida u qadar o‘rnak darajasida emas. Chunki, mamlakatdagi yo‘llarni asosan xorijdan, xususan, Yaponiya va Koreyadan kelgan yo‘lsozlar ishlab chiqqan. Mamlakatning eng gavjum shaharlaridan biri Istanbul ko‘chalari esa Toshkentdagidan bir necha barobar noqulay, tor va tirbanddir.
LiveBarchasi