Toshkentda ayol Instagram’dan kelgan xabar sabab erini pichoqlab qo‘ydi

3-sahifa

image

Toshkentda Instagram’dan kelgan xabar sabab  chiqqan kelishmovchilik oqibatida shar’iy nikohda bo‘lgan eriga pichoq bilan jarohat yetkazgan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, N. ismli sudlanuvchi o‘zi ishlab kelayotgan klinik shifoxona qabulxonasida bo‘la turib, turmush o‘rtog‘i J. bilan o‘rtalarida yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan unga qasddan jarohat yetkazgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi bergan xulosaga ko‘ra, J.da ko‘krak qafasi chap tomoni 7-qovurg‘a sathidan ko‘krak bo‘shlig‘iga kirib, diafragmani jarohatlab, qorin bo‘shlig‘iga o‘tuvchi sanchilgan-kesilgan yara, chap tomonlama qovurg‘alararo arteriyaning jarohatlanishi, ko‘krak bo‘shlig‘iga qon quyilishi (gemotoraks) kabi jarohatlar mavjudligi aniqlangan. Ushbu jarohatlar yetkazilish vaqtida hayot uchun xavfli bo‘lgan, og‘irlik darajasi bo‘yicha og‘ir tan jarohatlari toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.

Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan N. e’lon qilingan aybiga iqror emasligini bildirgan. Ayol J. bilan 2019 yil noyabr oyidan beri shar’iy nikohdan o‘tib, yashab kelayotganini, ularning bir farzandi borligini ma’lum qilgan.

“O‘sha voqea sodir bo‘lgan kuni turmush o‘rtog‘im ishxonamga keldi. Birgalikda ishxonam yaqinida joylashgan oshxonada ovqatlanib o‘tirganimizda telefonimga Instagram orqali audioxabar keldi. Buni ko‘rgan erimning jahli chiqib, baqirgancha haqorat qila ketdi. Begona odamlar oldida sharmanda qilganidan uyalib, ishxonamga kirib ketdim”, deydi ayblanuvchi.

Ta’kidlanishicha, shundan so‘ng J. ayolning ishxonasiga kirib, janjalni davom ettirgan. N. avval eridan ketishni so‘ragan, keyin qo‘liga ilingan pichoqni unga silkitgan, ammo J. yaqinlashib, ayolning qo‘lidan pichoqni olib qo‘ygan.

“O‘sha paytda erimning kiyimidagi qonni ko‘rib, o‘zimning kesilgan qo‘limdan oqqan qon tekkan, deb o‘ylabman. Shu kuni turmush o‘rtog‘imga qasddan tan jarohati yetkazish niyatim yo‘q edi. Hozirda yarashib, bir oila bo‘lib yashab kelyapmiz. Shularni inobatga olib, menga yengillik berishingizni so‘rayman”, degan ayol.

Sud hukmiga ko‘ra, fuqaro N. Jinoyat kodeksi 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismining “l” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga shu modda bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasini (shartli hukm qilish) qo‘llab, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 1 yil sinov muddati belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1529

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing