Toshkentda AYOQSH xodimlari zaharlandi
Jamiyat
−
06 aprel 2022
12126Kecha, 5 aprel kuni Toshkentda toksik moddadan zaharlangan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasining uch nafar xodimi qutqarib qolindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.
Chilonzor tumani, 19-daha, “Al Xorazmiy” ko‘chasida joylashgan AYOQSHda 3 nafar ishchi xodim benzin yoqilg‘isi saqlanayotgan sisternalar oralig‘idan hushsiz holda topilgan.
Zudlik bilan qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borib, hushsiz holda yotgan AYOQSH xodimlarini xavfli hududdan olib chiqqan va birinchi yordam ko‘rsatishgan. Shuningdek ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun Tez tibbiy yordam xizmati xodimlariga topshirlgan.
Ayni vaqtda toksik moddadan zaharlangan ishchilar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi toksikologiya bo‘limiga joylashtirilgan.
Voqea sababi o‘rganilganda, AYOQSH hududi yer ostiga ko‘milgan 3 dona, har biri katta sig‘imli benzin yoqilg‘isi saqlanayotgan sisternalar orasida yig‘ilib qolgan yengil yonuvchan suyuqlikning (benzin) kuchli konsentratsiyasidan hushlarini yo‘qotgani aniqlangan.
Voqea joyiga Chilonzor tuman FVB boshlig‘i rahbarligida 3 ta qutqaruv ekipaji 15 nafar shaxsiy tarkibi, tuman prokuratura, IIB tezkor tergov guruhi va SSB xodimlari chiqishgan.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi