Toshkentda avtobuslar yetishmayapti, bori ham eskirgan
Jamiyat
−
13 dekabr 2022
7243O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 dekabr kuni “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 18-avtobus saroyida bo‘ldi.
Bugun poytaxt Toshkentda kuniga 1 million 300 ming yo‘lovchi jamoat transportidan foydalanmoqda.
“Bu talabga javob berish uchun “Toshshahartransxizmat” tizimida avtobuslar yetishmayapti. Borlarining ham ko‘pi eskirgan. Shu sababli yo‘nalishlarga rejaga nisbatan 90-100 ta avtobus kam chiqmoqda. Ko‘chalarda jamoat transporti ustuvorligi yo‘lga qo‘yilmagan. Bularning oqibatida yo‘lovchilar avtobuslarni 20-30 daqiqagacha kutishiga to‘g‘ri kelmoqda”, deb yozmoqda Prezident Matbuot xizmati.
Davlat rahbari bu holatni keskin tanqid qilib, ayniqsa, hozirgidek sovuq kunlarda bunga umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan. Shu bois kuchaytirilgan tartibda ishlab, eng og‘ir yo‘nalishlarga qisqa muddatda qo‘shimcha avtobuslar qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergan.
Ma’lum qilinishicha, buning uchun xususiy korxonalar avtobuslari ham jalb etiladi. Ularga xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya beriladi. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari avtobuslar qatnoviga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
Shuningdek, Prezident tomonidan qatnovlar tezkorligi va xizmat sifatini ta’minlash, haydovchilarning oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha ham ko‘rsatma berilgan.
Shu yerda Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish masalalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazilgan. Qayd etilganidek, bu yil 277 ta avtobus va elektrobus xarid qilinib, qatnovga qo‘yilgan. Avtobuslar harakati va to‘lovlar tizimi raqamlashtirilgan.
“Bugungi kunda “Toshshahartransxizmat” tizimida 142 ta yo‘nalish bor. Yo‘lovchilar oqimining ko‘payish prognozidan kelib chiqib, jamoat transportining 167 ta yo‘nalishdan iborat yangi tarmog‘i shakllantirilgan. Bu yo‘nalishlarni ta’minlash va Toshkent shahrida jamoat transportiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish uchun yana 1000 ta katta sig‘imli avtobus zarur. Bu orqali avtobuslarning oraliq intervalini 7-10 daqiqagacha qisqartirish mumkin”, deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15