Toshkentda Afg‘oniston masalasi yopiq eshiklar ortida muhokama qilinmoqda (fotoreportaj)

Jamiyat

image

Bugun, 7-mart kuni Toshkentda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar maxsus vakillarining birinchi uchrashuvi boshlandi. Tadbirda ishtirok etish uchun O‘zbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston vakillari yetib keldi. Bu haqda tadbirda qatnashayotgan QALAMPIR.UZ muxbiri Hulkar Murtazoyeva xabar berdi.

Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi mavjud holat, mamlakatdagi vaziyatni tartibga solish va uzoq muddatli tinchlik hamda barqarorlikni o‘rnatish bo‘yicha tomonlarning o‘zaro hamkorligi, shuningdek, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Uchrashuvni O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev ochib berdi va Afg‘onistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qo‘yilgan talablarni, xususan,  ayollar huquqini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni tezroq amalga oshirishga umid qilishini ma’lum qildi. 

“Ayni vaqtda Afg‘oniston Muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyatning keng vakilligi asosida inklyuziv hukumatni tuzish, ayollarning mehnat va ta’lim olishiga oid huquqlarini ta’minlash kabi asosiy talablarni tezroq bajarashi butun afg‘on xalqi uchun barqaror kelajak kafolatidir, deb hisoblaymiz”, deydi Irgashev.

Shuningdek, u Afg‘onistonda gumanitar inqirozning kuchayishi tahdidi hamda iqtisodiy vaziyatning keskin va butkul qulashi ehtimoli barcha qo‘shni mamlakatlar, shuningdek, xalqaro hamkorlarni tashvishga solyayotganini aytdi.

“Bizning qat’iy fikrimizga ko‘ra, yaqin istiqbolda Afg‘oniston mintaqa xavfsizligiga, va albatta, chegaradosh mamlakatlar milliy manfaatlariga bevosita ta’sir etuvchi muhim omil bo‘lib qoladi. Shuning uchun hozirgi kunda Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish yuzasidan mushtarak yondashuvlarni ishlab chiqish mintaqa davlatlari va xalqaro hamjamiyat uchun asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishi shart. 

Jafokash afg‘on yurtida to‘laqonli tinchlik qaror topishi va uzoq yillik tanazzuldan so‘ng izchil rivojlanish uchun shart-sharoit shakllanishi yo‘lida barchamiz amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz lozim”, qo‘shimcha qildi O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili.

Ismatilla Irgashev o‘z nutqi davomida Afg‘onistonga berilayotgan gumanitar yordamlar masalasiga to‘xtalib o‘tib, bunday yordamlarni ko‘rsatish yana davom etishini bildirdi.

“Afg‘onistonga insonparvarlik yuklarini yetkazib berish uchun u bilan chegaradosh Termiz shahrida Ko‘p tarmoqli transport-logistika xabini barpo etdik. Ushbu xab bugun BMTning turli tuzilmalari tomonidan faol ishlatilmoqda. 

O‘zbekiston Prezidenti Termizda Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasini tuzish tashabbusini ilgari surdi. Jamg‘arma faoliyati uchun mazkur xabning zamonaviy infrastrukturasidan foydalaniladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ochilgan Termizdagi Ta’lim markazida afg‘on yoshlarini o‘qitish ishiga katta ahamiyat bermoqdamiz. Bu esa o‘z navbatida Afg‘oniston xalq xo‘jaligi uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatini yaratadi”, deya ta’kidladi Irgashev.

Qolaversa, o‘zbekistonlik vakil Afg‘onistonda faqatgina mushtarak sa’y-harakatlar orqaligina barqaror tinchlik va milliy totuvlikka erishish mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tdi.

“Afg‘onistonning inqirozdan keyingi rivoji xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik tizimi uchun hal qiluvchi ahamiyatga egaligini alohida ta’kidlamoqchiman. 
O‘zbekiston Afg‘onistonning osoyishta, mustaqil va farovon davlat sifatida shakllanishidan manfaatdordir”, deydi Ismatilla Irgashev.

Ayni paytda muhokamalarning asosiy qismi yopiq eshiklar ortida davom etmoqda. Muhokamalar mazmuni esa uchrashuvdan so‘ng tashkil etiladigan brifingda ochiqlanishi kutilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing