Toshkentda haydovchi tez yordamga yo‘l bermadi. Faollar unga qo‘llangan jazodan norozi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 31 may kuni Lixian L9 avtomashinasi tez yordam mashinasiga yo‘l bermagani aks etgan video tarqaldi. Ushbu videoda Lixian L9 mashinasi haydovchisi tez yordamning bir necha bor ogohlantirish berganiga qaramay, unga yo‘l bermaganini ko‘rish mumkin. Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi departamenti o‘rganish olib borib, munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu holat joriy yilning 29 may kuni sodir bo‘lgan. Unda haydovchi e’tiborsizligi oqibatida ortidan kelayotgan tez yordam mashinasini payqamagan va unga yo‘l bermagan. Mazkur holat bo‘yicha YPX xodimlari tomonidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik kodeksning 128-moddasi (haydovchilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yo‘lkalaridan, yashil maydonlardan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi) 5-bandi bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bu qoidabuzarlik uchun qonunchilikda 1 mln 875 ming so‘m jarima belgilangan. Ushbu bildirishdan so‘ng, ijtimoiy tarmoq faollari belgilangan jazoni juda kichik, deb baholab, norozilik bildira boshlagan.

Masalan, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev holatni “o‘ta kulguli” deya yozgan.

“Jarima miqdori – 1 mln 875 ming so‘m. Agar 15 kun ichida to‘lasa, 50 foiz chegirma ham beramiz, natijada 937 ming so‘m to‘laydi, xolos. Bu o‘ta kulgili! Bir yoki bir necha inson hayotiga zomin bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunaqa qo‘pol qoidabuzarlik uchun bunaqa yengil jazo berish sharmandalik. Sharmandalikning yana bir tomoni shundaki, ruxsatsiz tonirovka qilgan haydovchiga dastlab 9 mln 375 ming so‘m, agar yana takrorlansa, 15 mln so‘m jarima belgilaganmiz. Nima uchunligini bilasizmi? Chunki tonirovkadan tushadigan pulning asosiy qismi Ichki ishlar vazirligiga tushadi. Maxsus transport vositalariga yo‘l bermaganlarga esa takroriylik uchun og‘irroq jazo ham yo‘q. Ya’ni har kuni shu ishni qayta-qayta qilaversangiz ham, bir xil 900 ming so‘m jarima to‘lab, qutulib ketaverasiz. Arzimagan 900 ming so‘mni to‘lab qutulib ketadigan “krutoyvachchalar” hech qachon xatosidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmaydi”, deya yozgan u o‘zining Telegram-kanalida.

Bundan tashqari, Xudoyberdiyev vakolatli mas’ullarga murojaat yo‘llab, jazo tizimini insonparvarlik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlagan.

“Maxsus xizmat mashinalariga, jumladan, tez tibbiy yordam yoki o‘t o‘chiruvchilarga yo‘l bermagan haydovchilarga o‘ta qattiq jazo qo‘llashimiz kerak. Bu kamida inson(lar) hayotiga suiqasd deb baholanishi va jinoiy javobgarlik keltirib chiqarishi, haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi shart”, deya yozgan Xudoyberdiyev.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda hatto tez yordamga yo‘l bermaganlarning mashinasini musodara qilish zarurligini yozganlar ham bo‘ldi. Ular ham bu kabi harakatlarni “bir inson hayotini inobatga olmaslik”, deya baholagan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent jarima tez yordam Xushnudbek Xudoyberdiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing