Toshkentda havo sifati yomonlashdi
Jamiyat
−
14:45 363 2 daqiqa
Kecha, 23 oktyabrdan bugun, 24 oktyabrga o‘tar kechasi Toshkentda havo sifati yomonlashdi. Ayrim hududlarda havoning ifloslanish darajasi xalqaro havo sifati indeksi bo‘yicha “nosog‘lom” va “juda nosog‘lom” toifalariga mos keldi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kechki va tungi soatlarda xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha havo asosan sezgir guruhlar uchun nosog‘lom darajaga yetgan. Ayrim hududlarda esa ifloslanish darajasi “nosog‘lom” toifasiga to‘g‘ri kelgan. Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha “sariq” daraja saqlanib qolgan.
Mutaxassislar buni tunda havo haroratining pasayishi, shamolning sustligi va harorat inversiyasi bilan izohlagan. Bu omillar atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvini cheklab, yer yuzasiga yaqin hududlarda PM2.5 mayda zarrachalarining to‘planishiga sharoit yaratgan.
Meteosat sun’iy yo‘ldoshi tasvirlariga ko‘ra, 23 oktyabr soat 22:00 dan 24 oktyabr soat 09:00 gacha Toshkent shahri va unga tutash hududlarda qisqa muddatli changlanish kuzatilgan.
Maxsus komissiya tun davomida Toshkentning sakkizta tumanida atmosfera havosi sifatini maxsus asboblar yordamida kuzatgan. Kuzatuv punktlarining aksariyatida PM2.5 zarrachalari bilan ifloslanish darajasi xalqaro indeks bo‘yicha “nosog‘lom” va “juda nosog‘lom” toifalariga mos kelgan.
Prognozlarga ko‘ra, bugun, 24 oktyabr kuni kunduzi havo sifati xalqaro indeks bo‘yicha asosan “mo‘’tadil”, milliy indeks bo‘yicha esa “sariq” darajada bo‘ladi. Kechga yaqin ayrim hududlarda havo sifati sezgir guruhlar uchun nosog‘lom darajagacha yomonlashishi mumkin.
Live
Barchasi