Toshkent viloyatining to‘rtta tumanida tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

Jamiyat

image

Toshkent viloyatining tadbirkorlik yaxshi rivojlanmagan to‘rtta tumanida soliq imtiyozlari beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 sentyabr kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi sessiyasid aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, viloyati hokimi lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan Zoyir Mirzayev o‘z taqdimotida hududdagi eng dolzarb muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar to‘g‘risida axborot bergan. Jumladan, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida 150 ming nafar aholining doimiy bandligini ta’minlash, 40 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish, 15 mingta tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 6,5 mingta xizmat va savdo ob’ektlari tashkil etish rejalashtirilgan.

Shulardan kelib chiqib, Prezident mutasaddilarga:

•    joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m, kelgusi yil uchun yana 850 milliard so‘m yo‘naltirish;

•    tadbirkorlik past rivojlangan Piskent, Bo‘ka, Bekobod va Oqqo‘rg‘on tumanlarida 2025 yil 1 yanvarga qadar yer, mol-mulk, aylanmadan olinadigan soliqlarni 1 foiz, foyda solig‘i stavkasini 50 foiz miqdorida belgilash, sotilmasdan turgan davlat mulki ob’ektlari boshlang‘ich qiymatini 2 baravar kamaytirish;

•    yil yakunigacha 34 ta mahallada Xotin-qizlar bandligini ta’minlash markazlarini tashkil etishni topshirdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev bor imkoniyatlardan samarali foydalansa, viloyatda sanoatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish mumkinligini qayd etdi.

Mutasaddilarga:

•    sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlashga 250 milliard so‘m ajratish;

•    Angrenda kaolin xom-ashyosini chuqur qayta ishlab, farfor va keramika mahsulotlari ishlab chiqarish klasterini tashkil etish;

•    Bekobod tumanida chegara oldi savdo zonasini ishga tushirish;

•     viloyatdagi 100 ta mahalliy korxonani eksportchiga aylantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

98

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing