Toshkent viloyatida kadastr xodimlari 14 kishini 562 mlnga “uxlatdi”

3-sahifa

image

Toshkent viloyatida 14 nafar fuqaroga shirkatga tegishli yer maydonlarini sotib yuborgan firibgar va uning sheriklari bo‘lgan kadastr bo‘limi xodimlari ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Piskent tuman bo‘limi tomonidan “A.G.” uzumchilik va bog‘dorchilik shirkatining murojaatiga asosan  tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. 

Unda fuqaro T.T., Davlat kadastrlari palatasining Olmaliq shahar filiali mutaxassisi A.N. va Piskent tumani filiali kadastr muhandisi B.Sh. o‘zaro til biriktirib, Piskent tumani hokimining 2020-2021 yildagi qaroriga ilova qilingan ro‘yxatni soxtalashtirib, “A.G.”  shirkatiga qarashli yer maydonlarini fuqarolarga 6-8 sotixdan 2 000 dan 15 000 AQSH dollarigacha sotgani aniqlangan. 

Firibgarlar kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun ham yana 1-2 mln so‘mdan pul olib, 14 nafar fuqaroning jami 562,4 million so‘mini (50 000 AQSH dollari) firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Tekshiruv davomida, A.N. va B.Sh. o‘z aybiga iqror bo‘lib, yetkazilgan zararni qoplash uchun taqdim qilgan 13,1 mln so‘mi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.          

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

156

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing