Toshkent viloyatida 5 mln dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

3-sahifa

image

Joriy yilning 6 avgust kuni Toshkent viloyatidagi yer maydonini 5 million AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, fuqaro X.S. Toshkent viloyati IIBBga ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida o‘zlarini “DAVRON OMAD SERVIS” MCHJ ta’sischilari, deb tanishtirgan “Begzod” va “Davron” ismli shaxslar Bo‘stonliq tumanida joylashgan yerni sotmoqchi ekanini ma’lum qilgan. 

Fuqaroning murojaatiga ko‘ra, yuqoridagi ikki shaxs Bo‘stonliq tumani hokimining 2016 yildagi 626-sonli qarori bilan bog‘ barpo etish va obodonlashtirish uchun mazkur MCHJga 30 yilga ijaraga berilgan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Bo‘stonliq” QFYda joylashgan 16 gektar yer maydonini 5 000 000 AQSH dollariga sotishlarini aytgan.

Shuningdek, fuqaro X.S. “Begzod” va “Davron” ismli shaxslar oldindan “avans” sifatida 200 000 AQSH dollari talab qilayotganini bildirib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Xabarga ko‘ra, mazkur arizaga asosan, IIBBga murojaat qilingan kunning o‘zidayoq tezkor tadbir o‘tkazilgan. Toshkent shahar Yunusobod tumanida R.G. va D.J. ariza muallifi X.S.dan 200 000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan R.G. va D.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28/211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

252

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing