Toshkent viloyatida 15 kg narkotikni sotayotganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
09:36 964 2 daqiqa
Toshkent viloyatida 15 kilogramm giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti, uning hududiy bo‘linmalari, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlar davomida ikki holat aniqlangan.
Qayd etilishicha, transmilliy jinoiy guruh a’zolari qo‘shni respublikadan Toshkent viloyati orqali katta miqdordagi giyohvandlik vositalarini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Jinoiy guruh yetakchisi, muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 122-moddalari (Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) bilan sudlangan shaxs 1985 va 1973 yillarda tug‘ilgan sheriklari bilan Tico rusumli avtomashinada Toshkent–Andijon magistral yo‘liga kelgan. Ular oldindan belgilangan joyga yashirib ketilgan 13 kilogramm gashishni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1972 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs 1976 yilda tug‘ilgan narkosavdogarga 2 kilogramm opiyni 20 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtda ushlangan.
Qayd etilishicha, jami 15 kilogramm “opiy” va “gashish” musodara qilinib, ularning 75 ming dozaga teng miqdori aholi orasida tarqalishining oldi olingan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 2 kg 18 gramm “opiy”ni 20 ming dollarga sotgan qo‘shni davlatning ikki fuqarosi ushlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi