O‘rgangan ko‘ngil. Parkent hokimi arxeologiya yodgorligini tadbirkorga sotib yuborgan

Madaniyat-san’at

image

Toshkent viloyatining Parkent tumani hokimligi arxeologik yodgorlik hududini MCHJga sotib yuborgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Toshkent viloyati, Parkent tumani, “Istiqbol” MFYdagi “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yer maydoni hududi 2018 yil 28 sentyabrda Parkent tumani hokimligi tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda auksion savdolari orqali “U.Q.B” MCHJga xom g‘isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborilgan.

Aniqlanishicha, mazkur arxeologiya yodgorligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019  yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy Ro‘yxatiga kiritilgan. Davlat mulki hisoblangan ushbu ob’ekt Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.

Ushbu arxeologiya inshootini “U.Q.B” MCHJ rahbarlari 2020 yilda qonunchilik talablariga zid ravishda tadbirkor “U.M.P.” MCHJga sotib yuborgan. Ushbu tadbirkorlik sub’ekti ham o‘z navbatida, bu ob’ektda xom g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Mazkur sex uchun xomashyo, ya’ni tuproq mahsulotini yetkazib berish majburiyatini “U.Q.B” MCHJ o‘z zimmasiga olgan. Tuproq esa, ushbu arxeologiya inshooti hududidan qazib olingan. Oqibatda, bu tarixiy inshootga katta miqdorda zarar yetkazilgan.

Ushbu noqonuniy xatti-harakatdan xabar topgan Toshkent viloyati moddiy meros boshqarmasi 2020 yilda yetkazilgan zararni aybdor shaxslardan undirish, mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish, tuman hokimining qarori va oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni so‘rab, huquqni muhofaza qiluvchi va mutasaddi idoralarga murojaat qilgan. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlariga ogohlantirish xatlari ham berilgan.

Shunga qaramasdan, MCHJ mas’ullari o‘z faoliyatini davom ettirib kelgan.

Ushbu holat bo‘yicha o‘rganish ishlariga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya markazi mutaxassislari hamda hududiy davlat va jamoat tashkilotlarining mas’ul xodimlari jalb etilgan.

Jumladan, 2021 noyabr oyida mazkur hududda ilmiy tadqiqot (tuproq qazish va ob’ektni kuzatish) ishlari olib borilgan. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, mazkur arxeologiya ob’ekti eramizning I-IV asrlariga oid bo‘lib, ko‘chmanchi chorvadorlarga tegishli qabriston ekani aniqlangan.

O‘rganishlar davomida olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra,  “U.M.P.” MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligi xududida xom g‘isht ishlab chiqarish va qazilma ishlari olib borilishi natijasida madaniy merosning ob’ektiga 1,5 trln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan to‘plangan materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan. Natijada, o‘tgan yilning dekabr oyida Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan “U.M.P.” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 132-moddasi 2-qismi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazib kelinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

255

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing