Toshkent viloyati prokurori gazga noqonuniy ulanishdan manfaatdormi? – Umurzoqov
Jamiyat
−
09 dekabr 2022
25303Toshkent viloyati prokurori Prezident Administratsiyasidan noqonuniy gazga ulangan g‘isht zavodni tarmoqdan uzmaslikni so‘ragan. Bu haqda ayni vaqtda Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda vaqtinchalik cheklovlar kiritilgan bo‘lishiga qaramay, gazdan noqonuniy foydalanish holatlari uchrayotgani jiddiy tanqid ostiga olindi.
“Mana, masalan, Olmaliqdagi g‘isht zavod gaz hisoblagichlardagi onlayn modemni uzib, ko‘rsatkichni “nol” qilib qo‘yib, gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan. Eng qizig‘i, ushbu holat aniqlangach, viloyat prokurori Prezident Administratsiyasi mas’ullaridan shu zavodni o‘chirmaslikni so‘ragan. Prokurorning manfaati bormi bunday noqonuniy ulanishga?”, deydi Sardor Umurzoqov.
Administratsiya rahbarining ta’kidlashicha, ushbu zavod egalarining Angrenda ham zavodi bo‘lgan. Bosh vazir o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligadagi komissiya Olmaliqqa kelganini eshitib, darrov Angrendagi zavodini yopishgan. Agar Angrendagi zavodda ham qonunbuzilish holati aniqlansa, bu bo‘yicha ham alohida ish qo‘zg‘atilishi ma’lum qilindi.
“Bunaqalarning orqasida kimlar turganigacha topamiz. U hokim bo‘ladimi, prokuror yoki soliqchimi, farqi yo‘q, tadbirkor bilan til biriktirgan bo‘lsa, javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, kamida hudud rahbarlarining beparvoligi masalasi ham ko‘rib chiqiladi”, deydi Administratsiya rahbari.
LiveBarchasi