Toshkent viloyati IIBB deputatni obro‘sizlantiruvchi video bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi
Jamiyat
−
16 noyabr 2021
108707Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda xalq deputatlari O‘rtachirchiq tumani deputati Feruza Jo‘rabayevnani obro‘sizlartirishga qaratilgan video tarqatilayotgani haqida xabar bergan edik. Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi deputat bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, jazo muqarrarligi va qonun ustuvorligi ta’minlash bo‘yicha ichki ishlar bosh boshqarmasi va hamkorlikdagi tashkilotlar bilan “Xavfsiz hudud” va “Xavfsiz tun” tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.
Jumladan, tadbir davomida Bo‘stonliq tumani “Xumson” mahallasida yashovchi fuqaro viloyat IIBBga ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida “Sarvar” va “Bahrom” ismli shaxslar tumandagi “Chorbog‘ go‘zal bog‘i” jamiyati hududida joylashgan dala hovlilarda ishratxona tashkil qilib, kunlik ijaraga berishini va u yerda shaxslarni jinsiy aloqa qilishlari uchun shart-sharoit yaratishini ma’lum qilgan va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Ushbu murojaatga asosan joriy yilning 2 oktyabr kuni IIBB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida, murojaatda ko‘rsatilgan dala hovli ko‘zdan kechirilgan. O‘sha vaqtda ham xonadonda ikki nafar ayol, ikki nafar erkak kishilar borligi, ulardan, fuqaro F.B. (ayol) va D.Sh. (erkak) jinsiy aloqada bo‘layotgani aniqlangan.
Suhbat o‘tkazilganda ular alkogol mahsulotlari iste’mol qilishgani va ishqiy munosabatda bo‘lish maqsadida kelganligini ma’lum qilganlar.
“Hozirda mazkur jarayon aks etgan video tasvirning ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zaro yozishmalar orqali tarqalgani holati yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish joiz, bu kabi odob-axloq bilan bog‘liq qonun buzilishi holatlariga qarshi viloyat IIBB tomonidan muntazam ravishda tezkor profilaktik tadbirlar o‘tkazib boriladi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Qiziq, IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reydlar videosi qanday qilib ijtimoiy tarmoqqa tarqaldi? O‘zbekiston huquq tartibot idoralarida shaxsga doir ma’lumotlar himoyasi shu qadar zaifmi?
LiveBarchasi