Toshkent viloyati hokimligi 453 mln so‘mlik shohona mebellar sotib oldi. U nega kerak?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati hokimligi qariyb yarim milliard so‘mlik shohona mebellar to‘plami xarid qilgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ mazkur holat yuzasidan viloyati hokimligi matbuot xizmatidan izoh oldi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 6, 25-moddalariga asosan, viloyat hokimligi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan viloyat hokimligi ishlar boshqarmasi boshqaruvchisi tomonidan taqdim etilgan bildirgi asosida viloyat mahalliy byudjetining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan joriy yil 11 martdagi 65-10-0-F/22-son farmoyishga asosan mablag‘ ajratilgan. 

Aniqrog‘i,  viloyat hokimligida yuqori martabali mehmonlar, xorijiy hamkorlar, investorlarni kutib olishga mo‘ljallangan, qo‘shimcha barpo etilgan konferensiya va muzokaralar o‘tkazish zalini sifatli mebel to‘plamlari bilan jihozlash uchun  453 mln 667 ming so‘m yo‘naltirilgan. 

Ta’kidlanishicha, aslida viloyat miqyosida o‘tkazilgan “Navro‘z” umumxalq bayrami sayillarida dekoratsiya, sahna va boshqa jihozlarni tayyorlash hamda o‘rnatish uchun ajratilgan mablag‘ iqtisod qilinib, yuqoridagi maqsadga sarflangan. Bu ochiq platformada e’lon qilingan farmoyish matnida ham alohida qayd etilgan.

Shuningdek, hokim matbuot kotibi mazkur xabarlarni “barcha uchun ochiq manbaga joylashtirilgan hujjatlarda aniq-tiniq oshkor qilingan sarf-harajatlarga oid ma’lumotlarga alohida tus berish, ularni taxmin va tusmol bilan sharhlashga urinish” deb atadi. 

“Mazkur mebel to‘plamlarini xarid qilish uchun yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritilmagan  tadbirkorlik tuzilmasi bilan to‘g‘rida-to‘g‘ri shartnoma tuzilgani haqidagi ta’kid o‘rinsiz bo‘lib, hokimliklar zahira jamg‘armasidan  mablag‘ sarflaganda bunday tartib nazarda tutilmagan”, deydi Toshkent viloyati hokimligi Matbuot hizmat bosh mutaxassisi Asqarjon Ismoilov.

Qo‘shimcha qilinishicha, birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, 70 dan ortiq xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borilgan va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladigan ko‘plab kelishuvlarga erishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

348

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing