Toshkent va Moskva O‘zbekistonning JSTga kirishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi
Jamiyat
−
27 Sentabr 2021
8141Joriy yilning dekabr oyida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya ishchi guruhi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasining Iqtisodiy rivojlanish vazirligi xabar qildi.
Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasi hamraislari – O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov va Rossiyaning Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov Toshkentda o‘zaro hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilishdi.
“Tomonlar dekabr oyida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldilar”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi masalasida Toshkentga har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1994 yil iyun oyida Tariflar va savdo bo‘yicha kelishuvda kuzatuvchi maqomini olgan, 1998 yilda esa mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi muzokaralar guruhi tuzilgan.
2020 yil iyul oyida mamlakat hukumati, JST va bir qator davlatlar vakillari deyarli 15 yillik tanaffusdan so‘ng, ushbu guruhning to‘rtinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar.
2019 yil iyul oyida esa O‘zbekiston JSTga mamlakatning tashkilotga qo‘shilish haqidagi arizasini ko‘rib chiqish uchun tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi yangilangan memorandumni taqdim etgan. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston JSTga kirishi bilan iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakat imtiyozlarini olish niyatida.
LiveBarchasi