Toshkent va Farg‘onada 34 kishidan iborat jinoiy guruh fosh etildi (video)

3-sahifa

image

Farg‘ona shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro rahbarlik qilgan jami 34 kishidan iborat jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, jinoiy guruh xalqaro miqyosda juda katta miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan. 40 yoshli fuqaro rahbarlik qilgan guruh Farg‘ona va Toshkent shaharlarida binolarni ijaraga olib, Call-markaz niqobi ostida faoliyat yuritgan.

Ular axborot texnologiyalari yordamida Rossiya Federatsiyasida dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning 70 mingdan ortiq mijozlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.

Keyin, soxta Call markaz operatorlari “SIP telefoniya” va “Zoiper” ilovalari orqali asosan keksa yoshdagilarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bank xodimlari sifatida tanishtirib, go‘yoki kompaniya tomonidan sifatsiz dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar sotilganligini aytgan holda, mijozlarga 500 mingdan 580 ming rublgacha (taxminan 80-92 mln so‘m) miqdorda kompensatsiya to‘lab berilishini aytishgan. Buning uchun esa fuqarolar 5 mingdan 20 ming rublgacha (800 mingdan 3 mln 200 so‘mgacha) miqdorda soliq to‘lashlari kerakligini aytgan.

Natijada jabrlanuvchilar jinoiy guruh a’zolari tomonidan taqdim etilgan turli bank plastik kartalariga jami 9 mln 599 ming 561 rubl (1 mlrd 537 mln so‘m) miqdoridagi pul mablag‘larini o‘tkazib bergan.

Shuningdek, jinoiy guruhning 3 nafar a’zosi kriptovalyutalar savdosini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olmasdan, “O‘zbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi talablariga zid ravishda jami 470 ming AQSH dollariga yaqin kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgan.

Mazkur holat yuzasidan Yozyavon tuman sudi tomonidan uyushgan jinoiy guruh a’zolariga Jinoyat kodeksining 168-(firibgarlik), 243-(jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 278-7 (telekommunikatsiya tarmog‘idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) va 278-8 (kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) moddalari bilan aybli deb topilib, ularning 21 nafariga 3 yil 6 oydan 9 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlangan. Qolgan 13 nafariga nisbatan 4 yil 3 oydan 4 yil 6 oygacha muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilanib, jarimalar qo‘llanilgan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar esa undiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chilonzor tumanida firibgarlik bilan shug‘ullanib kelayotgan yashirin Call-markaz “kiberbunker”i aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Javohir Aliqulov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Toshkent Farg'ona jinoiy guruh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing