Toshkent va Dushanbe Tojikistonda ikkita GES quradi

Jamiyat

image

Rasmiy Toshkent va Dushanbe Tojikistonning Zarafshon daryosi havzasida ikkita gidroyelektrostansiyani birgalikda qurish uchun Ochiq aksiyadorlik jamiyatini tashkil etmoqda.

Shartnoma loyihasiga ko‘ra, ushbu kompaniyadagi tojik tomonining ulushi 50 foiz +1, o‘zbek tomoniki esa 50 foiz -1 ta ulushni tashkil etadi. Kelishuv loyihasi ikki davlat tomonidan kelishilgan va yaqin vaqt ichida imzolanishi kutilmoqda. Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari nomidan Jamiyat asoschisi vazifasini bajaruvchi tashkilotni aniqlash ustida ish olib bormoqda.

Loyihani texnik-iqtisodiy asoslash hamda ijtimoiy va atrof-muhitga ta’sirini baholash uchun mustaqil xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilish rejalashtirilgan. Loyiha uchun xalqaro moliya institutlari yoki davlat tashkilotlarining mablag‘larini jalb qilish ko‘zda tutilgan. Qurilayotgan stansiyalarda ishlab chiqariladigan barcha elektr energiyasi O‘zbekiston tomonidan sotib olinishi kutilmoqda.

Avvalroq, O‘zbekiston Energetika vaziri Alisher Sultonov ushbu ikki stansiyani qurish ikki bosqichda rejalanganini aytgandi. Unga ko‘ra, dastlab, yiliga 800 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan “Yovon” GES quriladi. 140 MVt quvvatga ega ushbu stansiyaning qurilishiga ketadigan mablag‘ 282 million AQSH dollariga baholanmoqda.

Ikkinchi bosqichda, yiliga o‘rtacha 600 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan “Fondaryo” GESni qurish imkoniyati o‘rganiladi. 135 MVt quvvatga ega ushbu stansiyani qurish uchun 270 million AQSH dollari ajratish kerak bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida, Tojikiston tomoni respublika hududida boshqa davlatlar bilan hamkorlikda gidroyelektr stantsiyalarini qurish bo‘yicha tajribaga ega. Xususan, Tojikiston-Rossiya “Sangtuda-1” GES va Tojikiston-Yeron “Sangtuda-2” GESlari qurigan va ishlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

108

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing