Toshkent traktor zavodi buzilib, o‘rnida bog‘ quriladi
Jamiyat
−
20 noyabr 2021
15398Toshkent shahrida joylashgan qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari Chirchiq shahrida tashkil qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasteriga ko‘chiriladi. Bo‘shatilgan yer uchastkalari va binolar kimoshdi savdosiga qo‘yilib, hududning bir qismida yashil bog‘ barpo etish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan qarorda keltirilgan.
Qarorga ko‘ra, “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ, “Agregat zavodi” AJ, “Texnolog” AJ, “ Texnolog-Stan” MCHJ, “ Agrosanoatmashinvest” MCHJlar ishlab chiqarish quvvatlarining bir qismi Chirchiq shahridagi “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ hududiga ko‘chiriladi va qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasteri tashkil etiladi.
Shuningdek, yuqorida nomlari sanalgan korxonalarning ustav kapitallaridagi davlat ulushlarini nominal qiymatda o‘tkazish hisobiga “Toshkent traktor zavodi” MCHJ tashkil qilinadi va uch oy muddatda mazkur korxonalar “TTZ” MCHJga qo‘shib yuboriladi.
Korxonalarga tegishli bo‘shayotgan yer maydonlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan onlayn-autsion savdolari orqali sotilishi belgilangan. Bunda, mazkur agentlik Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” (ilgarigi “TTZ”) AJning bo‘shayotgan yer maydonlaridan unumli foydalanish, jumladan uning bir qismida aholi sayil qilishiga mo‘ljallangan yashil jamoat parkini yaratish bo‘yicha Hukumatga taklif kiritadi.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida jami 22 ta istirohat bog‘i, shuningdek, 15 ta dam olish zonasi mavjud. 2022 yil oxiriga qadar shaharda 12 ta yangi bog‘ va 25 ta yashil hudud yaratish rejalashtirilgan.
LiveBarchasi