Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim joriy etiladi
Jamiyat
−
19 Oktabr 2020
28845O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4860-son qarori qabul qilindi. Bu haqda "Norma" xabar berdi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
• 2020-2025 yillarga xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) va 2020-2021 yillarda uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
• alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar ta’limini 2025 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari).
Konsepsiya ikki bosqichda amalga oshiriladi.
2021/2022 o‘quv yilida:
• tajriba-sinov tariqasida shaharlarda hamda Toshkent shahrining tumanlarida joylashgan bittadan umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilinadi;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan bittadan umumta’lim maktabida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar ochiladi;
• Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida joylashgan bittadan kasb-hunar maktabida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan guruhlar tashkil etiladi.
Inklyuziv ta’lim tizimini joriy etish bo‘yicha ijobiy tajriba respublikaning boshqa hududlariga bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:
• ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida majburiy umumiy o‘rta ta’limni 11 yillik (intellektual rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 9 yillik) muddatda amalga oshiriladi;
• ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining 10-11-sinf (intellektual rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 8-9-sinf) o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining qisqartirilayotgan o‘quv soatlari doirasida kasb o‘qitish kurslari tashkil etiladi.
Kasbga o‘qitish kurslarini tashkil etishda metodik yordam ko‘rsatish, o‘quv jarayonini samarali olib borish va malakali professor-o‘qituvchilarni jalb etish uchun professional ta’lim muassasalari hamda “Ishga marhamat” monomarkazlari ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga biriktiriladi.
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich tayanch korreksion sinflarda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berish moslashtirilgan (adaptiv) o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi. Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga individual ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishda maxsus pedagoglar va tyutorlar (yordamchi pedagog xodimlar) yaqindan ko‘maklashadi. Tyutor sifatida tegishli malakaga ega volontyorlar va oliy ta’lim muassasalarining pedagogika yo‘nalishidagi yuqori kurs talabalari pedagogik amaliyot davrida ixtiyoriylik asosida jalb qilinadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda professional ta’lim muassasalari uchun umumiy davlat granti asosida qabul ko‘rsatkichlarining 2 foizgacha bo‘lgan qismi ushbu shaxslarga ajratiladi.
2021 yil 1 yanvardan boshlab:
a) ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining rahbar xodimlariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida to‘lanadi;
b) quyidagilarning:
• “Mehribonlik” uylari respublika sog‘lomlashtirish oromgohi rahbarining bazaviy tarif stavkasi miqdori “Mehribonlik” uylarining tegishli rahbar xodimi bazaviy tarif stavkasining 90 foiziga tenglashtiriladi;
• “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalari psixologlarining bazaviy tarif stavkasi miqdori umumta’lim maktablari psixologlari bazaviy tarif stavkasiga tenglashtiriladi;
• “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalari to‘garak va musiqa rahbarlari, mehnat va trener yo‘riqchisining bazaviy tarif stavkasi miqdori “Barkamol avlod” bolalar maktablarining to‘garak rahbarlari bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.
O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi qoshida “Inklyuziv ta’lim laboratoriyasi” tashkil etiladi.
LiveBarchasi