Toshkent shahar hokimligi ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
20 yanvar
7654Toshkent shahar hokimligi aholini ko‘chmas mulk sotib olishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda. Bu haqda hokilik matbuot xizmati xabar berdi.
Hokimlikka ko‘ra, amaliyot va tahlillar shahar hokimligi bilan kelishilmagan, ayniqsa yo‘l bo‘ylab qurilgan noqonuniy inshootlar nafaqat shahar infratuzilmasi, balki aholining kundalik hayoti uchun ham jiddiy muammolar tug‘dirayotganini ko‘rsatmoqda. Avtomobil to‘xtash joylari va kirish yo‘llarining yo‘qligi haydovchilarning tez xarid qilish ehtiyojini qondirish uchun boshqa harakatlanuvchilar va piyodalarga noqulayliklar yaratmoqda.
“Bunday qurilmalar irrigatsiya tizimiga zarar yetkazib, suv chiqarish kanallarini to‘sib qo‘yadi va bahor mavsumida hududlarni suv bosish xavfini oshiradi va bolalar aravalari hamda imkoniyati cheklangan shaxslarning harakatlanishini qiyinlashtiradi. Shuningdek, shaharning me’moriy ko‘rinishini buzadi, yashil hududlarga kirishni to‘sadi va umumiy shahar qiyofasiga zid keladi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, ayni damda tegishli tahlillar olib borilib, ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.
Hokimlik poytaxt aholisi va tadbirkorlariga
- maishiy va tijorat binolari, turarjoy imoratlari uchun mavjud hujjatlarni shaharsozlik me’yorlariga muvofiqligini qayta tekshirish tavsiya qildi;
- ko‘chmas mulk sotib olishda ehtiyotkor bo‘lish, yuridik xizmatlardan maslahat olish, Toshkent shahar kadastr xizmatlari tomonidan berilgan hujjatlarsiz boshqa hech qanday hujjat turlari qonuniy kuchga ega emasligini yodda tutishni so‘radi.
Shuningdek, potensial xarid bilan bog‘liq barcha tafsilotlarni aniqlashtirish uchun vakolatli organlarga shaxsan yoki davlat xizmatlarining onlayn tizimlari orqali murojaat qilish kerak.
LiveBarchasi