Toshkent shahar hokimligi ko‘chalarning suv bosishida aholini aybladi

Tahlil

image

Bugun poytaxt Toshkentda yog‘ingarchilik sabab ko‘plab ko‘chalarni suv bosib, avtomobillar va yo‘lovchilar harakatlanishi uchun katta qiyinchiliklar yuzaga keldi. Toshkent shahar hokimligi esa bunga aholining o‘zini aybdor qilmoqda.

Bugun, hokimlikning Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga poytaxtning turli ko‘chalari tozalanayotgani aks etgan video joylandi. Uning izohida esa shu kunlarda kommunal va obodonlashtirish sohasi vakillarining asosiy kuchlari ariqlar va drenaj tizimlaridagi chiqindilarni chiqarishga va suv yo‘llarini ochishga qaratilayotgani yozilgan.


“Ushbu vaziyatning yagona sababi – chiqindilarning belgilangan joylarga emas, balki yo‘llarga va ariqlarga tashlab ketilishi”, deya ta’kidlangan hokimlik xabarida.

Biroq!

Toshkent shahrining yerosti drenaj tizimi 60-70 yillarda qurilgani va hozirda allaqachon eskirib bitgani hokimlik mutasaddilarining yodidamikan? Arzimagan ikki kunlik yomg‘irda Toshkent ko‘chalarini yurib bo‘lmaydigan darajada suv bosishiga faqat ariqlarning chiqindiga to‘lishi emas, balki, ko‘cha va katta yo‘l yoqalaridagi ariqlarning allaqachon qo‘mib yuborilgani ham sabab ekanligini hokimlik tepasida o‘tirgan “kattakonlar” bilisharmikan? Ichki ko‘chalardagi ariqlarni-ku gapirmasa ham bo‘laveradi.

Bu haqida QALAMPIR.UZ avvalroq jon kuydirgan va “Har kuzda shu bo‘lar takror yoxud Toshkentda ariqlarning egasi bormi?” nomli tahliliy videomaterial e’lon qilgandi. Unda esa shahar bo‘ylab turli ko‘chalarda reyd o‘tkazilib, ko‘plab ariqlarning ko‘mib yuborilgani natijasida yarmida to‘xtab qolgani holatlari o‘rganilgan. Bugungi muammolar boshlanmasidanoq, sentyabr oyida ko‘tarilgan va mas’ullarni ogohlikka chaqirgan bu videomaterialda Amerikada irrigatsiya yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat olib boruvchi o‘zbekistonlik mutaxassis Asqarali Karimovning poytaxt drenaj tizimi chuqur islohotlarga muhtojligi va ularni kechiktirib bo‘lmasligi haqidagi fikrlari keltirilgandi.


“Oxirgi 7-8 yilda Toshkent shahri shiddatli o‘sib bordi. Yer ustida tezkor qurilishlar amalga oshirildi-yu yer ostidagi irrigatsiya tizimining nima bo‘layotgani haqida hech kim o‘ylamadi. Bu ertaga biz uchun juda katta muammo bo‘ladi. Bunaqangi tabiat hodisalari, kuchli yoqingarchiliklar, sel toshishlari – hali boshlanishi. Afsuski, Toshkentdagi hozirgi tizim buni ko‘tara olmaydi. 1970-yillarda qurilgan drenaj tizimi bu darajadagi rivojlanishni hisobga olib qurilmagan edi. Shuning uchun hozirdan buni isloh qilmasak, muammolar ko‘payaveradi”, deya muammoning asl sababini keltirib o‘tgandi mutaxassis.
Toshkent shahar hokimli esa bu masalalarni (asosiy masalalarni) bir chetga surib qo‘yib, kelajakda bunday holatlar qaytarilmasligi uchun chiqindilarni faqat belgilangan joyga tashlashingizni, bu orqali, poytaxt ozodaligiga hissa qo‘shishni fuqarolardan iltimos qilmoqda.


Shuningdek, hokimlik e’lon qilgan videoda bir qancha kommunal va obodonlashtirish sohasi vakillarining ta’sirli gaplarini eshitish mumkin.
Masalan, ulardan biri aholidan “lotoklar”ga har xil chiqindilarni otib ketmasligini so‘ragan.


“Mana shu yomg‘irda o‘zimizga o‘xshagan insonlar qiynalib ishlayotganining qadriga yetishingizni so‘rab qolardim”, degan u.


“Hozir mana bitta joyni ochdik, suv yaxshi ketyapti. Endi ikkinchi joyni ochish kerak. Agar ochsak, oxirigacha suvni tortib ketadi”, degan muammoni hal qilishga yomg‘ir yog‘masidan avval, yozning izziq kunlarida emas, aynan yomg‘irda ishga kirishganlardan biri.


“Agar mana shu “musor”larni aholi tashlamaganda edi shunday toshqinlar bo‘lmasdi”, deb holatga o‘z fikrini bildirgan boshqa bir xodim.


Haqiqatdan ham, bugun Toshkent ko‘chalarining suv ostida qolishiga aholi tomonidan tashlanayotgan chiqindilar ham ma’lum ma’noda sabab bo‘lishi mumkin. Ammo, asosiy sabab mutaxassis Asqarali Karimov aytganidek, drenaj tizimining eskirgani, bu boradagi islohotlarning kechikayotgani va ko‘plab ariqlarning ko‘mib yuborilganidir.


Eslatib o‘tamiz, Toshkent ko‘chalarining suv ostida qolishini doimiy ravishda e’tiboridan tushurmay, tanqid qilib kelayotgan QALAMPIR.UZ sayti bugun, 2 noyabrda ham  bu mavzuga to‘xtaldi. Unda esa sayt muxbiri suv toshgan ko‘chalarda bo‘lib, mas’ullardan holatga izoh olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

234

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing