Toshkent qorga burkandi, YTHlar ortmoqda. Yo‘llar qachon tozalanadi?

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, bugun, 18 noyabr kuni poytaxt Toshkentda kuchli qor yog‘moqda. Soat 17:00 holatiga ko‘ra, harorat -5 darajani tashkil etmoqda. 

Poytaxt yo‘llarida allaqachon muzlamalar hosil bo‘lib, avtomobillar harakatlanishiga noqulayliklar tug‘dirmoqda. Shahar hududlarida muzlamalar oqibatida bir necha YTHlar qayd etildi. Ayrim balandliklardan iborat bo‘lgan yo‘llarda umuman harakatlanish imkoni bo‘lmayapti. Shu bois tirbandlik ortib bormoqda. 

Holat bo‘yicha QALAMPIR.UZ’ga bir necha murojaatlar kelib tushdi. Biz ularga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rasmiylari bilan bog‘landik. 

Ta’kidlanishicha, yo‘l-patrul xizmati brigadalari ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda yo‘llarda faoliyatini olib bormoqda. Barcha otryadlar shahar ko‘chalariga jalb qilingan. Biroq, yo‘llarni qordan tozalash, muzlamalar ustiga qum va tuz kabi erituvchi vositalarni sepish Toshkent shahar hokimligi boshchiligida Obodonlashtirish boshqarmasi vazifasiga kiradi. Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati bilan bog‘langanimizda, poytaxtning aynan qaysi ko‘chalarini qor va muzdan tozalash ishlari olib borilayotgani haqida aniq ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi. Poytaxt hokimligi Matbuot kotibi Furqat Mahmudxo‘jayevga ko‘ra, allaqachon yo‘llarni qor va muzdan tozalash ishlari boshlangan. 

“Ishlarni tashkil qilyapmiz. Kechadanoq texnikalarni sozlab, tayyorlab qo‘yganmiz. Avtomobillar tezligi keskin kamaygan, ko‘plar yozgi g‘ildiraklarda yuribdi. Ehtiyot bo‘lishlarini iltimos qilar edik. Barcha texnikalar kechayu kunduz ishlaydi”, deydi Mahmudxo‘jayev.

Shunga qaramay, poytaxt aholisi, ayniqsa, haydovchilar o‘rtasida norozilik ortib bormoqda. Toshkentning eng serqatnov yo‘llari – Kichik xalqa yo‘li, Beruniy shox ko‘chasi qor va muzdan tozalanmagan. Hokimlik bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisob berishi kutilmoqda. 

Yo‘lingiz bexatar bo‘lsin. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

109

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing