Toshkent qoq markazida “ognetushitel” portlatganlar qamoqqa olindi. Jarohatlangan bolaning barmoqlari uzilib ketgan
3-sahifa
−
13 yanvar 2022
10473Xabaringiz bor, joriy yilning 1 yanvar kuni poytaxt Toshkentdagi “Samarqand darvoza” savdo majmuasi oldida fuqarolar Yangi yilni nishonlash maqsadida qo‘lbola “ognetushitel” portlatgandi. Oqibatda holatni videoga olayotgan 3 kishi jarohatlangandi. Mazkur hodisaga aloqador bo‘lgan 13 kishiga ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Yangi yil bayrami arafasida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanining ayrim mahallalarida qo‘lbola usulda pirotexnika vositalarini tayyorlab sotish avj oladi. Avvalgi yillarda ham xuddi shunday o‘t o‘chirgichlarda sinab ko‘rilgan portlatishlar internetda tarqalgan va buni ko‘rgan Toshkent shahrida yashovchi yigit yangiyo‘llik tanishi bilan bog‘lanib, xuddi shunday moslama topib berishni so‘ragan.
“Bunaqa darajada bang‘illaydi deb kutmagandik. Juda vahimali bo‘ldi. “Ognetushitel” yasash bo‘yicha video ko‘rgandim, yangiyo‘llik bolalar yasagani haqida. O‘sha videoni yangiyo‘llik og‘aynimga tashaganimda, u “bu narsa bizda yasalgan” deb aytgandi. U narsa pulli ekan. Aslida men tekin deb o‘ylagandim, lekin oxirida pulli bo‘lib chiqdi. Shundan keyin pul berishga majbur bo‘ldim. Aslida 500 ming so‘m berishimiz kerak edi, lekin 470 ming berdik”, deydi “Samarqand darvoza” savdo markazi qarshisida portlatilgan qo‘lbola moslamani sotib olgan o‘spirin.
Moslamani tayyorlash uchun turli kimyoviy moddalar va yengil avtomobilning ehtiyot qismlaridan foydalanilgan. Bu usulni bir necha yildan beri qo‘llab kelayotgan traktor haydovchisi yoshlarga uni qanday tayyorlashni o‘rgatgan.
“Pul taklif qildi. 80 ming so‘m beraman dedi. Qo‘ygin, mana, ol, olib ketaver desam keyin 80 ming tashlab ketibdi”, deydi traktor haydovchisi.
“Keyin uni olib qo‘lbola shaklda magniy yasadim. Qo‘shnim Ziyovuddin menga taklif berdi. “Kursdoshim bor, har yili shunaqa ognetushitel olib portlatarkan. Bu yil topolmabdi, yasab bera olasanmi?” deb so‘radi. Xizmat haqi 500 ming so‘m deb aytilgandi. 470 ming so‘m pul oldim”, deydi qo‘lbola portlovchi moslamani yasagan yigit.
Ta’kidlanishicha, hammasi tayyor bo‘lgach, portlovchi moslamani ishga tushirish uchun aholi gavjum bo‘lgan hudud tanlangan. Yoshlar portlash quloqni qomatga keltiruvchi ovozi va alanga balandligi bilan ko‘pchilikni hayratga solishni maqsad qilgan.
“O‘sha kuni yo‘lning o‘rtasiga chiqib moslamani joylashtirdim. Moslamani o‘zim yoqdim. U yonganidan keyin, oradan 15 soniya o‘tgach, portladi. Voqea joyida 2 daqiqacha turganimdan keyin u yerdan ketdim. Uyga borib, telefonimni o‘ynab o‘tirsam, ikki bola jarohatlangani haqida video kelib qoldi”, deydi “ognatushitel”ni portlatgan yigit.
Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, portlash oqibatida M.S. (1997 yilda tug‘ilgan) qorin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, M.A. (1999 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati hamda X.N. (2006 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati, oyoq barmoqlari noto‘liq amputatsiyasi tashxisi bilan turli ko‘rinishdagi tan jarohati olgan.
“2006 yilda tug‘ilgan bemorga shoshilinch ravishda o‘ng oyoq panjasining to‘rtta barmog‘ini replantatsiya qilish (uzilib ketgan barmoqlarni ulash) operatsiyasi bajarildi. Hozirgi vaqtda bemor mikroxirurgiya bo‘limida statsionar davo olmoqda”, deydi jarroh Ravshan Irismetov.
Ma’lum bo‘lishicha, jarohatlangan bolalarning barchasi maktab o‘quvchilari. Ulardan ikki nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani bois, uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan. Yana bir 10-sinf o‘quvchisi hozircha shifoxonada qolmoqda.
“Yo‘lning o‘rtasiga odamlar ko‘p edi, ular “krug” bo‘lib yig‘ildi. “Ognetushitel” qo‘yishdi. Odam ko‘p bo‘lganidan kim qo‘yganini ko‘rmadim. Odam tarqalgandan keyin qarasam “ognetushitel” ekan. Men odamlar to‘planib turgan paytda “salyut” qo‘yishyapti deb o‘ylagandim. Portlash zarbasi “udar” bilan keldi, boshida hech narsani sezmadim. Yonimdagi akalar oyog‘im qonaganini aytib qoldi. Keyin o‘sha yerdagi akalar ko‘tarib mashinaga o‘tirg‘izishdi-da, shifoxonaga olib kelishdi”, deydi jabrlanuvchi.
Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, olib borilayotgan tergov tezkor harakatlari davomida mazkur hodisaga aloqador bo‘lgan 13 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, Jinoyat protsetsual kodeksining 221-moddasi tartibida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 5 nafari ma’muriy tartibda qamoqqa olingan, yana 5 nafari ma’muriy jarimaga tortilgan.
“Aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 250-moddasi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur moddaga asosan aybdor shaxslar 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin”, deydi Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi katta tergovchisi Mirjalol Isroilov.
LiveBarchasi