Toshkent eng jinoiy hududligicha qolmoqda
Olam
−
03 avgust 2022
6764Poytaxt Toshkent jinoyatchilik bobida mamlakatdagi eng yuqori o‘rinlarni qayd etayotgan hududligicha qolmoqda. O‘tgan olti oyda sodir etilgan jinoyatlar har 100 ming kishiga 363 tani tashkil etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axborotida aytilgan.
Bugun, 3 avgust kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda vazir Bobojonovning ertaga, 4 avgust kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Senatning 29-yalpi majlisida taqdim etishi kutilayotgan axboroti muhokama qilingan
Qayd etilishicha, joriy yilning 6 oyida ro‘yxatga olingan jami jinoyatlar soni har 100 ming aholiga 132 tadan to‘g‘ri kelgan bir vaqtda ushbu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 363 tani, Farg‘onada 190 tani, Toshkent viloyatida 184 tani, Sirdaryoda 148 tani tashkil etgan.
Senatning 2022 yil 19 martdagi tegishli qaroriga muvofiq ko‘rilgan choralar natijasida o‘z faoliyati davomida jinoyatlarni jilovlash borasida ishlarni to‘g‘ri tashkil etmagan 1 559 nafar rahbar va xodimga intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan.
2021 yil davomida ochilmasdan qolgan jinoyatlardan 1 079 tasi, avvalgi yillarda ochilmagan jinoyatlarning 151 tasi fosh etilishi ta’minlangan.
Shuningdek, hisobot davrida sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 93,9 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 2 841 nafar shaxs ushlangan, bedarak yo‘qolgan 203 nafar shaxs topilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanib sodir etilgan 332 ta jinoyat aniqlangan.
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 25 869 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan, profilaktik tadbirlar natijasida 8 348 ta oila yarashgan, 25 125 ta nizoli masala bartaraf etilgan.
Jinoyatlar ko‘paygan 3 119 ta yoki 33 foiz mahalla “qizil” toifaga kiritilib, hamkorlikda qo‘shma patrullik yo‘nalishlari tashkil etilgan.
Bundan tashqari, profilaktika tadbirlari natijasida real oldini olish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan va mahalla hududida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish profilaktika inspektorlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblansa-da, bu yo‘nalishdagi ishlar sustligi bois, ushbu turdagi jinoyatlar jami jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil etgan.
Profilaktik ishlar lozim darajada tashkil etilmaganligi oqibatida oldini olishi mumkin bo‘lgan ayrim turdagi jinoyatlar ko‘payishiga sharoit yaratilgan.
Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolgan.
Majlisda senatorlar tomonidan aholi o‘rtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratilgan.
LiveBarchasi