Toshkent drenaj tizimining master-rejasi ishlab chiqiladi
Jamiyat
−
19:21 986 2 daqiqa
Toshkent shahri drenaj tizimining master-rejasi ishlab chiqilib, kelgusi yildan qurilish ishlari boshlanishi e’lon qilindi. Bu haqda bugun, 16 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
“Shaharning barcha ko‘chalaridagi ariqlarda suv aylanishi kerak”, dedi davlat rahbari.
Dastur doirasida 150 kilometr yopiq drenaj tizimini qurish, 197 kilometr kanal va kollektorlarni ta’mirlash, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilib, shaharda salqin mikroiqlim yaratish rejalashtirilgan.
Yomg‘ir suvini yig‘adigan 17 ta inshoot barpo qilinadi. Bu suvlar daraxt va yashil hududlarni sug‘orishga ishlatiladi.
Poytaxtning barcha kommunal tashkilotlari va favqulodda xizmatlar tun-u kun ishlashga o‘tib, avariyaviy holatlarning oldini olish va tezlik bilan bartaraf etish bilan shug‘ullanishi, jamoat xavfsizligini ta’minlash ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, uch oyda poytaxtning 4 ta qismida sun’iy ko‘l va havzalar qurish loyihalarini tayyorlab, ishlarni boshlash topshirildi. 2026 yil 1 iyungacha har bir tumanda 5 kilometrli 3 tadan soyali sayr ko‘chalari foydalanishga topshiriladi. Har 10 ta mahalla uchun 1 tadan yashil bog‘ barpo qilish bo‘yicha alohida dastur boshlanadi.
2026 yilda shaharda 18,5 kilometr kanal qirg‘oqlari mustahkamlanadi. Bu joylarda ham yashil hududlar va sayilgohlar tashkil qilishni hozirdan o‘ylash zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Bektemir, Sergeli va Yangihayotdan o‘tgan Chirchiq daryosining 16 kilometr qismini mustahkamlash hisobiga qo‘shimcha 800 gektar ochiladi. Bu yerlarda ham 200 gektarda “yashil belbog‘”, 250 gektarda ichki yo‘llar, sayilgohlar, piyoda va veloyo‘laklar qurilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Global shaharlar indeksi” reytingida Toshkent shahri dunyodagi 1 mingta shahar orasida 471-o‘rinni egallagan. Mutasaddilarga ushbu reytingda Toshkentni ekologiyasi barqaror 300 ta shahar qatoriga olib chiqish bo‘yicha tinimsiz shug‘ullanish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Live
Barchasi