Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti QS reytingida “TOP-500” talikdan joy oldi
Biznes
−
13 mart
3681Joriy yilning 12 mart kuni QS xalqaro reyting agentligi tomonidan “QS by subject-2025” xalqaro universitetlar reytingi natijalari rasman e’lon qilindi. Ushbu reytingda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti birinchi marta “Ijtimoiy fanlar va menejment” yo‘nalishi bo‘yicha “Iqtisodiyot va ekonometrika” (Economics and Econometrics) sohasida jahonning nufuzli “TOP–500” universitetlari orasida 401-450-pog‘onalarda qayd etildi.
Shu bilan birga TDIU QS reytingining mazkur yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi va hozircha yagona universitet hisoblanadi.
Bu muvaffaqiyat – universitetning ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish va ta’lim sifati bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasining samarali natijasidir. Ushbu yutuq TDIUning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirib, universitet jamoasi uchun yangi marralar sari dadil qadam tashlashga katta rag‘bat va imkoniyat bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti milliy va xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni qayd etib kelmoqda, xususan, universitet QS Stars reytingida 5 yulduz olgan Markaziy Osiyoda ikkinchi va O‘zbekistonda birinchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
QS (Quacquarelli Symonds) – bu dunyodagi eng nufuzli ta’lim reytinglarini tuzuvchi xalqaro tashkilotlardan biri. U asosan oliy ta’lim muassasalarini baholash bilan shug‘ullanadi. QS reytinglari tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar fikri asosida akademik obro‘, bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlari bo‘yicha ish beruvchilarning fikri, talabalar va o‘qituvchilar nisbati, ilmiy maqolalar va iqtiboslar soni, xalqaro talabalar va professor-o‘qituvchilar ulushi kabi turli mezonlarga asoslanadi.
Sayt I Telegram I Instagram I Facebook
Reklama huquqi asosida
LiveBarchasi