Toshkent Botanika bog‘ida Yoshlar va talabalar forumi bo‘lib o‘tadi

Jamiyat

image

29 iyundan 30 iyunga qadar “Uchinchi renessans bunyodkorligi” shiori ostida Toshkentda poytaxt hokimligi tomonidan tashkil etilayotgan O‘zbekiston Yoshlar va talabalar forumi bo‘lib o‘tadi.  

Tadbir O‘zbekistonda Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yildan buyon nishonlanayotgan Yoshlar kuni va bundan tashqari 2021 yil Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan o‘tkaziladi. 

O‘zbekiston yoshlar va talabalar forumi doirasidagi tadbirlar Toshkent botanika bog‘ida, ikki kun davomida barcha sanitariya talablariga rioya qilgan holda 29 va 30 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. 

Forumning asosiy maqsadi – tashabbuskor va iste’dodli yoshlarni aniqlash, ularga o‘z qobiliyat va ko‘nikmalarini namoyon etish, yosh avlodning ilm-fan, san’at, madaniyat va sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, talabalar va bitiruvchilarga jamiyatda munosib o‘rinlarini topishga yordam berishdan iborat. 

Tadbirga 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 7 mingga yaqin yoshlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. 29 iyundagi Forumda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tish @Yoshlar_forumi_bot telegram-boti orqali amalga oshiriladi.

Forumda bir qator tadbirlarni tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Jumladan, maxsus pavilionlarda yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishini tashkil etish, ularning iqtidori va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga yo‘naltirilgan “Tafakkur sinovlari” intellektual tadbir va tanlovlari o‘tkaziladi. 

“Nima? Qayerda? Qachon?”, “Mnemonika”, “Mental arifmetika”, “Shaxmat”, “Kubik-Rubik” intellektual tanlovlari bo‘lib o‘tadi.

Aniq fanlarni chuqur biladigan, xotirasi kuchli yoshlar o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi musobaqalar, yosh olimlar, marketologlar bilan uchrashuvlar, “Marketing.uz”, “Design Club Uzbekistan”, “Modul 5”, “Biznesga Qadam” va shu kabi istiqbolli loyihalar taqdimotlari o‘tkaziladi.

Maxsus maydonlarda mahorat darslari, ilm-fan, sport va tadbirkorlik sohasida yuqori natijalarga erishgan, yosh avlodga o‘rnak bo‘lib kelayotgan insonlar bilan uchrashuvlar tashkil qilinadi.

“Yashil tashabbus” kampaniyasida yoshlar atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tadbirlarda qatnashadilar va aksiyani butun respublika bo‘ylab targ‘ib qilishga harakat qiladilar.

Forum doirasida Yoshlar simfonik orkestri konserti ham tashkillashtiriladi. 

Forum doirasidagi tadbir va tanlovlar Toshkent shahar hokimiyati, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, AKT vazirligi, AOKA, Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, Fanlar akademiyasi, EOAVMA, MTRK va boshqa tashkilotlar ko‘magida tashkil qilinadi.

O‘zbekiston Yoshlar va talabalar forum yakunida taniqli estrada xonandalari, DJ’lar va shou-biznes vakillari ishtirokida katta gala-konsert bo‘lib o‘tadi.

Forum doirasidagi barcha tadbirlar ochiq havoda, karantin me’yorlariga rioya qilgan holda o‘tkaziladi.


29 iyun – tadbirga @Yoshlar_forumi_bot orqali ro‘yxatdan o‘tganlar kiritiladi, 30 iyun – taklifnoma asosida kiriladi.
 

Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

50

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing