Toshkent hokimligi xodimi va Kadastrlar palatasi filiali rahbari noqonuniy yer sotayotganda ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent shahri, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida davlatga tegishli bo‘lgan yerni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” DUK xodimi o‘zining 3 nafar jinoiy sherigi bilan kelishgan holda, Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan va Toshkent tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 30 sotix yer maydonini ko‘p qavatli turar-joy barpo etish uchun sotmoqchi bo‘lgan. U yerni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ajratib berishini va’da qilib, evaziga qurilish firmasi rahbaridan 420 ming AQSH dollari talab qilgan.

Ular so‘ralgan pul mablag‘idan 42 ming dollarni avans sifatida olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.

Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Urgut tumanida yashovchi, 1997 va 1998 yilda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro o‘zganing nomida bo‘lgan fermer xo‘jaligiga tegishli 50 sotix suvli yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan xaridorga 65 ming dollariga sotishga kelishib, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtlarida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlangan. 

Jomboy tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan shaxs ham Davlat kadastrlar palatasining mazkur tumandagi filiali xodimi bilan kelishgan holda, hokimlik zaxirasida bo‘lgan 25 sotix bo‘sh yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 24 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Davlat kadastrlar palatasining Jizzax viloyatidagi tuman filiallaridan birining rahbari mahalliy fuqaroning yashash xonadoni yonida joylashgan 38 sotix yer maydonini auksion orqali sotib olishda ko‘maklashish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga undan 6,5 ming dollar miqdorida pora talab qiladi. 

DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘idan 6 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Sirdaryo tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro ham o‘zganing ishonchiga kirib, Guliston tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 6 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida DXX va IJQK departamenti xodimlari tomonidan ushlandi. 

Xabarga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

230

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing