TOP-10: Fantastik asarlarda bashorat qilingan va inson hayotiga kirib kelgan texnologiyalar

Texnologiya 9933
image

Kitob va filmlar ko‘p hollarda kelajakni bashorat qiladi. Ularda yozilgan yoki namoyish qilingan hayoliy texnologiyalar oradan bir qancha vaqtlar o‘tib inson hayotiga odatiy norma bo‘lib kirib keladi. 

Quyida o‘tgan asrda ishlangan film yoki yozilgan asarlarda tasvirlangan va o‘sha davr odamlari uchun hayoliy bo‘lib ko‘ringan, lekin bugun allaqachon erkin ravishda inson ehtiyojini qondirayotgan TOP-10 texnologiya haqida so‘z boradi.   

Gen muhandisligi

Ingliz yozuvchisi Oldos Xaksli o‘zining “Jasur yangi dunyo” romanida gen injeneriyasining paydo bo‘lishini bashorat qilgan. 1932 yilda, tibbiyotda bunday rivojlanish olimlarning hali hayoliga ham kelmagan paytda Xaksli uzoq kelajak haqida kitob chiqardi.

Xakslining o‘tgan asrda yozgan asarining mazmuniga ko‘ra, 2541 yilga borib, bolalar tabiiy ravishda tug‘ilmaydi va inkubatorda yetiladi. Shuningdek, odamlar tug‘ilishidan oldin belgilab qo‘yilgan beshta kastaga (ijtimoiy tabaqaga – tahr.) bo‘linib hayot kechiradi. Pastki qatlam a’zosi, aniqrog‘i kambag‘al, mardikor yoki xizmatkor bo‘lishi oldindan belgilab qo‘yiladi. Ular tug‘ilmasdan oldin embriondagi rivojlanish davrida fikrlashi va saviyasi ataylab xiralashtiriladi. Inkubatorlarda olimlar tomonidan ishlab chiqilgan, aniq bir “qolip”ga tushirilgan chaqaloqlar tug‘iladi.

Garchi besh asr bugungi kunni kitob voqealaridan ajratib turgan bo‘lsada, bunday texnologiyalar hozirgi kunda dolzarb bo‘lib bormoqda. Olimlar insonning individual dizaynini rivojlantirish uchun genetik muhandislikka intilmoqda. Meksikalik professor Xuan Enrikesning taxminlariga ko‘ra, 10-20 yil ichida bunday texnologiyalar odatiy holga aylanadi. Embrion rivojlanishining dastlabki bosqichida genetik muhandislik kasalliklarni davolash uchun ishlatila boshlanadi va bu millionlab odamlar uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘ladi.

2018 yilda xitoylik olim Xe Szyankuy embrion DNK genomini tahrirlash bo‘yicha birinchi noqonuniy tajribani o‘tkazdi. Natijada uch bola nazariy jihatdan OIVga qarshi immunitet bilan dunyoga keldi. Olim o‘z faoliyati uchun uch yil qamoq jazosi va davlat tomonidan taqiqlangan faoliyat uchun millionlab dollar jarimaga tortildi. Ilm-fanni ommalashtiruvchi Ronald Beyli va ba’zi olimlarning taxminlariga ko‘ra, kelajakda bunday texnologiyalar yordamida bolalarning sochlari va ko‘zlarining rangini o‘zgartirish yoki ularga ma’lum bir yuz xususiyatlarini berish mumkin bo‘ladi.

Oldos Xakslining 1932 yilda yozilgan romaniga qaytadigan bo‘lsak, u o‘z asarida tibbiyot rivoji tufayli odamlar qarishdan to‘xtab, yosh va chiroyli o‘lishini tasavvur qiladi. Bu yozuvchi bashorat qilgan genetik muhandislikning yana bir yo‘nalishi edi. Zotan, hozirda bu borada hayvonlar ustida muvaffaqiyatli tajribalar o‘tkazilmoqda, bu esa bunday texnologiyalar yordamida keksalikni sekinlashtirish mumkinligini ko‘rsatdi.

Bionik implantatlar

1972 yili “Kiborg” nomli romanida amerikalik yozuvchi Martin Keydin bionik protezlarning paydo bo‘lishini bashorat qilgan. Kitobda shikastlangan yoki kesilgan tana qismlari mexanik qurilmalar bilan almashtirilgan odam haqida hikoya qilinadi. Shunday qilib, kitob qahramoni ikkita yangi oyoq va oddiy oyoqning barcha funksiyalarini bajara oladigan metall qo‘lga ega bo‘ladi.

Shunday qilib, real hayotdagi birinchi bionik qo‘l 1993 yilda paydo bo‘lgan va u miyaga ulangan datchiklar orqali harakat qilgan. Ushbu texnologiya 2007 yilga kelib, keng tarqala boshlagan. Yana rivojlanib, barmoqlarning nozik harakatlarini takrorlarlay ola boshlagan. Bunday yasama qo‘l egasiga kompyuter sichqonchasidan foydalanishga va oyoq kiyimlarining bog‘ichlarini bog‘lashga imkon berdi. Bugunga kunda butun dunyoda ushbu texnologniyadan keng foydalanilmoqda. Yangi protezlar odamning yurishiga moslasha oladi va uning individual imo-ishoralarini eslab qoladi.

Hozirgi kunda esa nafaqat inson yo‘qotgan funksiyalarni o‘rnini bosadigan, balki ularni yangi imkoniyatlar bilan to‘ldiradigan mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. Masalan, bunday protezlar yordamida oddiy odam uchun juda og‘ir bo‘lgan narsalarni ko‘tarish mumkin bo‘ladi.

Temir odam kostyumi

Marvel olamidagi taniqli Toni Stark kostyumi Amerika armiyasining maxsus kuchlarida paydo bo‘lishi mumkin. 2014 yilda Qo‘shma Shtatlar armiya uchun robotlashtirilgan temir kostyum loyihasini ishlab chiqayotgani haqida xabar berilgan edi. TALOS loyihasi Temir odam filmidagi kostyum kabi xususiyatlarga ega bo‘lishi kutilmoqda. Unga aloqa, boshqarish va navigatsiya funksiyasi kiritiladi. U atrof-muhitni doimiy ravishda kuzatib borishi va ma’lumotni askarning o‘ziga ham, yuqoridagi rahbariyatga ham yetkazishi mumkin bo‘ladi.

Harbiylar nanotexnologiyalar yordamida yaratilgan suyuq keramika zirhlari bilan himoya qilinadi. Termoregulyatsiya va biomedikal sog‘liqni saqlash nazorati kostyumga kiritiladi. Hozircha ushbu loyiha doirasida harbiy kostyumga kiritilmayotgan yagona vazifa uchish, xolos. 

Kosmik turizm

Ingliz futurist yozuvchisi Artur Klark 1961 yilda kosmik turizm g‘oyasini tasvirlab berdi. U o‘zining “Oy changlari” romanida Yerdan uchirilgan sun’iy yo‘ldoshda turist sifatida sayohat qilayotgan odamlar haqida hikoya qiladi. Asar qahramonlari oy changiga to‘lgan marshrut bo‘ylab uchadi. Hatto kosmik samolyotda styuardessalar ham bo‘ladi. Rejissyor Stenli Kubrik 1968 yilda suratga olgan “2001 yil Kosmik odisseya” filmida xuddi shunday tasavvurni namoyish etgan.

Shunisi e’tiborga loyiqki, real hayotdagi birinchi kosmik sayyoh ham 2001 yilda paydo bo‘lgan. Amerikalik tadbirkor Denis Tito Xalqaro kosmik stansiyaga sayohat qildi va buning uchun 20 million AQSH dollari to‘lagan. Umumiy hisobda shu vaqtgacha ushbu dastur doirasida yetti nafar turist parvoz qildi, sayohatlarning barchasi Rossiyada ishlab chiqarilgan kemalarda amalga oshirilgan.

SpaceX Bosh direktori Ilon Mask va Boeing kompaniyasi kosmik turizmni rivojlantirishga intilmoqda. Ular 2021 yil oxiridan boshlab Yer atrofida va Xalqaror kosmik stansiyaga sayyohlik pavozlarini amalga oshirishni rejalashtirgan. Mask shuningdek, Marsga sayohat qilish imkoniyati haqida gapirgan. Uning taxminlariga ko‘ra, bir kun kelib, bunday parvozlar taxminan 100 ming AQSH dollariga tushadi.

Uchuvchisiz transport vositalari

Sovet fantastika yozuvchisi Aleksandr Belyayev 1926 yilda “Dunyo Hukmdori” romanida uchuvchisiz samolyotlar haqida yozgan. Amerikalik Devid Kellerning 1935 yildagi “Jonli mashina” qissasida birinchi marta haydovchisiz mashinalarning imkoniyatlari haqida so‘z yuritilgan. 

Hozirgi kunda uchuvchisiz transport vositalari hayoliy narsalar toifasiga kirmaydi. Avto boshqaruv ko‘plab samolyotlarda, poezdlarda va ba’zi avtomobillarda ham mavjud. Google yoki Yandeks kabi texnologik gigantlar uchuvchisiz transportlarni faol ravishda rivojlantirmoqda. Ba’zi avtomobillar allaqachon yo‘llarga chiqib ulgurgan. Qo‘shma Shtatlarda haydovchisiz avtomobillar oziq-ovqat yetkazib bermoqda va koronavirus testlarini tarqatmoqda.

Jamiyatda uchuvchisiz texnologiyalarni to‘liq joriy etish haqida gapirishga hali erta. Ishlab chiquvchilar hali ham texnik muammolar va qiyin axloqiy qarama-qarshiliklarga duch kelmoqda. Masalan, haydovchisiz avtomobil yo‘l transport hodisasi vaqtida qanday qaror qabul qilishi kerak: avtomobil salonidagi yo‘lovchilarni qutqarishi kerakmi yoki atrofdagi piyoda va boshqa transportdagi odamlarnimi? Shu bilan birga, robotlarga to‘liq ishonch hosil bo‘lmaguncha, jamiyat haydovchisiz avtomobillarning keng qamrovda paydo bo‘lishiga tayyor emas.

Quyosh energiyasi

1911 yilda amerikalik ixtirochi Xyugo Gernsbek “Ralf 124C 41+” ilmiy romanini nashr etdi. Yozuvchining so‘zlariga ko‘ra, kitob o‘quvchilarga fanning rivojlanish sur’ati bilan taqqoslanadigan kelajak haqida so‘zlaydi. Gernsbek o‘z ishida televizor, ovozli filmlar, magnitafonlar, transkontinental havo sayohati va kosmik parvozlarni bashorat qilgan. Kitobda quyosh energiyasidan amaliy foydalanish haqida ham so‘z boradi.

Kitobga ko‘ra, ushbu ixtirolar 2660 yilda paydo bo‘lishi kerak edi, ammo zamonaviy ilm-fan yozuvchining kelajak haqidagi g‘oyalaridan oldinga o‘tib ketdi. Birinchi quyosh energiyasi bilan ishlaydigan apparat 1978 yilda, Xyugo Gernsbekning bashoratidan 67 yil o‘tgach paydo bo‘lgan. Olimlarning taxmin qilishicha, 2020 yillarning o‘rtalariga kelib energiya manbalarining aksariyati qayta tiklanishga assoslangan bo‘ladi. Quyosh elektr energiyasi asosiy manba – ko‘mir o‘rnini bosadi. 2030 yilga kelib dunyo energetikasining qariyb 80 foizi ushbu turdagi ishlab chiqarishga to‘g‘ri keladi. Quyosh elektr stansiyalari global tendensiyaga aylanib bormoqda va birgina Xitoyda 2020 yilda quyosh qurilmalari soni ikki baravarga oshgan.

“Aqlli” uy

“Aqlli” uyda yashash qulay, internet, elektr jihozlari, isitish sistemasidan tortib darvozaning ochilish va yopilishigacha inson omilisiz, shunchaki smartfon orqali boshqish mumkin. Bunday uyning tasviri ko‘pincha ilmiy fantastikada aks etardi. Shunday uy 1984 yilda “Elektr orzulari” filmida va “Futurama” animatsion serialida suratga oolingan. Bunday uy haqida birinchi ma’lumotlardan birini Rey Bredberining 1950 yilda yozilgan “Mayin yomg‘ir bo‘ladi” hikoyasida topish mumkin. Yozuvchining “aqlli” uyi yadroviy urushga bardosh berib, uy egalarining tinch va totuv yashashini ta’minlaydi.

So‘nggi yillarda “aqlli” uylar ham xayolot turkumidan chiqib ketdi. Zamonaviy kvartiralarda ovozli yordamchilar, o‘z-o‘zini boshqaradigan changyutgichlar va shubhali harakatni aniqlasa, egasiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qiladigan aqlli videokameralarga ko‘zingiz tushishi mumkin. 

“Aqlli” uylar ommalashib bormoqda, ular arzon va boshqarish oson. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yaqin o‘n yil ichida “aqlli” uylar nafaqat egalarining xohish-istaklarini bajara oladi, balki ularning ehtiyojlarini ham bashorat qila oladi. Masalan, muzlatgichlar shirinliklarni tez-tez iste’mol qilayotgan uy egalariga foydali ovqatlarni ham taklif qilib, eslatib turadi.

Videoaloqa

1927 yilda “Metropolis” nomli ilmiy-fantastik asarda videoaloqa bashorat qilingan. Sahnalashtirilgan asarning bir qismida bosh brigadir Grot o‘sha vaqtlar uchun g‘ayrioddiy mahsulot – videoaloqadan foydalanadi. 

Hozirgi kunda videoaloqa sayyoramizdagi aksariyat odamlarning kundalik hayotiga kirib borgan. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davridan masofadan turib o‘qish, ishlash va qarindoshlar bilan muloqot qilishda yordam bermoqda. Ammo texnika hali fantastika haqidagi barcha g‘oyalarni ortda qoldirmadi. Masalan, 1989 yilda “Kelajakka qaytish-2” filmida videoqo‘ng‘iroqlar paytida ekranda suhbatdosh haqidagi shaxsiy ma’lumotlar: uning sevimli ichimliklari, sevimli mashg‘ulotlari, holati ko‘rsatilgan. Video platformalar ushbu yo‘nalishda rivojlana boshlaydimi yoki yo‘qligini vaqt ko‘rsatadi.

3D-printer

1987 yilda futuristik “Samoviy yo‘l” media-franshizasi 3D-printerlarning paydo bo‘lishini bashorat qilgan. Ularning g‘oyasi bir zumda oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj buyumlarini yaratishga va ularni tezda qayta ishlashga qodir moslama haqida edi. 

Zamonaviy 3D-printer hali bu darajaga yetishmagan va buyumlar hajmiga qarab ularni yaratishgai bir necha soatdan bir necha oygacha vaqt sarflaydi. Mahsulotlarni qayta ishlash ham vaqt talab etadi.

3D-printer individual eskiz va chizmalardan buyumlar yaratishga imkon beradi. Ammo ishlab chiqarish tezligi va yuqori narxi hali texnologiyaning trendga chiqishiga imkon bermadi. Hozirgi kunda bunday printerlar asosan tibbiyotda protezlar va implantlarni yaratish uchun ishlatilmoqda. Ba’zi boshlang‘ich kompaniyalar 3D-printer yordamida sun’iy go‘sht tayyorlamoqda. 

Universal tarjimon

“Samoviy yo‘l”dan kelgan yana bir texnologiya – bu universal tarjimon. Media franshizadan oldin boshqa ilmiy-fantastik yozuvchilar ham matnni har qanday tilga tezkor tarjima qilish imkoniyati haqida yozgan.

Hozirgi kunda ushbu hayoliy g‘oya ham allaqachon, real hayotga kirib kelgan. Yaqinda futurolog Daniyel Susskindning “Ishsiz kelajak” kitobini “Yandeks Perevodchik” roboti rus tiliga tarjima qildi.

Farruxjon Murodqulov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 213
Reyting: 3
t
×