“Tonirovka”dan tortib, kontraktgacha... 1 oktyabrdan davlat va jamiyatda nimalar o‘zgaradi? 

Foydali

image

Sanoqli kunlardan keyin 2021 yilning o‘ninchi oyini ham qarshi olamiz. Galdagi oyning birinchi sanasi ham o‘zi bilan qonunchilikdagi bir qator o‘zgarishlarni yetaklab kelmoqda. Bular orasida avtomobillar oynasining tusini o‘zgartirishdan tortib, ishga joylashish borasidagi yangiliklar ham bor. Quyida 1 oktyabrdan kutilayotgan o‘zgarishlarni esga olamiz. 

“Tonirovka”ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati faqat my.gov.uz orqali ko‘rsatiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 28 iyul kuni 465-sonli “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan avtotransportlar oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ko‘rsatiladi.

Shuningdek, Qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga ko‘ra, avtotransportlar oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) ishlari avtotransport vositasi egasi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, avtotransport orqa oynasining tusini yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish), shuningdek, old oynasining tepa qismi tusini 14 sm dan ko‘p bo‘lmagan polosa shaklida yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Ma’lumot uchun, ruxsatnoma 1 yil muddatga beriladi. Ariza beruvchi tomonidan ruxsatnoma uchun to‘lov 10 kun muddatda amalga oshiriladi. Jumladan, ruxsatnoma avval berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatigacha qayta rasmiylashtiriladi. YAIDXP orqali ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun to‘lov undirilmaydi.

Respublikaning barcha tuman (shahar)larida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi

“Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan hududiy adliya boshqarmalari huzurida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari (Markazlar) respublikaning barcha tuman (shahar)larida tashkil etiladi.

Shunga ko‘ra, davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan ayrim davlat tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalarida 2021 yil 1 oktyabrdan jami 1 182 ta yuridik xizmatlar shtat birliklari qisqartiriladi.

Jumladan, bo‘shatilayotgan shtat birliklari hisobidan Markazlar faoliyatini tashkil etish uchun 1 056 ta shtat birliklari ajratiladi.

Shuningdek, 2021 yil 1 oktyabrdan davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha ma’lumot va jarayonlarni to‘liq elektron ravishda yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va amalga oshirish imkonini beruvchi “E-huquqshunos” elektron tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Markazlar tomonidan davlat tashkilotlariga yuridik xizmatlar ushbu elektron {10E-6} orqali amalga oshiriladi.

Markazlar xodimi sifatida kamida 3 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan shaxs:

•    litsenziya olish uchun advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxs sifatida advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tmasdan malaka imtihonida ishtirok etish;
•    notarial idorada 6 oy muddat stajirovka o‘tab malaka imtihonini topshirish huquqiga ega bo‘ladi.

Markazlarning qonuniy faoliyatiga biron-bir tarzda aralashish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ta’sir o‘tkazish qat’iyan taqiqlanadi. Shuningdek, Qarorga ko‘ra, Markazlar tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatilishi belgilangan tashkilotlarning Markazlar bilan kelishilmagan holda yuridik tusdagi hujjatlar qabul qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Malumot uchun, Markazlar boshqa yuridik shaxslarga pullik asosda yuridik xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.

Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi

“Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga binoan 2021 yil 1 oktyabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlari, viloyat hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 

Bundan tashqari, 2021 yil 1 oktyabrgacha davlat mablag‘lari hisobiga qurilish-pudrat shartnomasi uchun o‘tkaziladigan tanlovlar “Shaffof qurilish” tizimi ma’lumot almashinuvini ta’minlagan holda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida elektron tarzda amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2021 yil 1 oktyabrgacha korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvi asosida tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlikda qatnashishi huquqiy oqibatlarini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartiblari takomillashtiriladi

Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 17 sentyabr kuni qabul qilingan 579-sonli “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibotlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori bilan 2021 yil 1 oktyabridan shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini amalga oshirishda:

•    shaharsozlik hujjatlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali ko‘rib chiqiladi;

•    davlat mablag‘lari, davlat kafolatiga olingan tashqi investitsiya mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan ishlarning loyiha hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK yoki uning hududiy filiallari tomonidan ko‘rib chiqiladi; 

•    boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlar loyiha hujjatlari akkreditatsiya qilingan yuridik shaxslar, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK yoki uning hududiy filiallari tomonidan ko‘rib chiqiladi;

•    ijobiy ekspertiza xulosalari “Ekspertiza xulosalarining yagona reyestri”ga kiritilgan taqdirda haqiqiy deb tan olinadi;


•    ekspertizadan o‘tkazganlik uchun xizmatlar haqini tabaqalashtirilgan tartibda hisoblash tizimi joriy etiladi;

•    loyiha hujjatlarini ko‘rib chiquvchi ekspert – mutaxassislarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularni sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.


Nizomga muvofiq, quyidagi ob’ektlarning loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish majburiy emas:

•    mavsumiy ishlar uchun vaqtincha va maishiy binolar;

•    300 kub metrdan ortiq bo‘lmagan alohida qurilayotgan kichik hajmdagi ob’ektlar;

•    ikki qavatdan yuqori bo‘lmagan (sokolni hisobga olmagan holda) balandligi yer yuzidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylar;

•    joriy ta’mirlanadigan binolar, inshootlar.  

Elektron agrosanoat bozori portali tashkil etiladi

Joriy yilning 17 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining 574-sonli “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yo‘qotishlarini qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabridan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasida Elektron agrosanoat bozori portali tashkil etiladi.

Elektron portal 2021 yil 1 oktyabrdan 1 dekabrgacha “test rejimi”da ishlaydi va 2022 yil 1 yanvardan to‘liq ishga tushiriladi.

Shuningdek, Elektron portalda:

•    ichki bozorni asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash darajasi doimiy baholanadi;

•    xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida onlayn rejimda kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilib, elektron savdolar tashkil etiladi.  
 
Bundan tashqari, Qarorga ko‘ra, “E-AUKSION” elektron savdo platformasi orqali ajratilgan davlat mulki hisoblangan yer uchastkalari va bino-inshootlar qiymati tadbirkorlar tomonidan, istisno tariqasida, savdo o‘tkazilgan sanadan boshlab bir yil davomida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi joriy qilinadi.

YATT tomonidan soliq hisobotini topshirish majburiyati bekor qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 sentyabrdagi PF-6314-sonli “Tadbirkorlik sub’ektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan quyidagilar bekor qilinadi:

•    qat’iy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan YATT tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati;

•    alohida tayyor import iste’mol tovarlarining bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy o‘tgach sotuvga qo‘yilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga qo‘yilgan taqiq.


Shuningdek, 2021 yil 1 oktyabrdan tegishli davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining nazorat funksiyalari bekor qilinadi.

“Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashkil etiladi

2021 yil 10 sentyabr kuni “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. 

Farmon bilan 2021 yil 1 oktyabrdan Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarining bojxona boshqarmalarida toifadan tashqari maqomga ega bo‘lgan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Jumladan, 2021 yil 1 oktyabrdan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” postlari tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) ishtirokchilarining elektron bojxona yuk deklaratsiyalarini masofaviy rasmiylashtiradi.

Eksportyor korxonalarga 5 million AQSH dollarigacha bir martalik moliyaviy resurslar taqdim etiladi

“Eksportchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. 

Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan:

•    Yillik eksport hajmi 20 million AQSH dollaridan oshgan korxonalarga eksport savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar 5 million AQSH dollarigacha miqdorda, bir yilgacha muddatga taqdim etiladi;

•    Oxirgi 12 oy davomida 1 million AQSH dollaridan ortiq tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan korxonalarga asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha foiz hisoblanmagan hamda ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 120 kunga kechiktirish imkoniyati beriladi.

Shuningdek, 2021 yil 1 oktyabrdan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyo, o‘lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko‘tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabi bekor qilinadi.

Sement ishlab chiqaruvchilar uchun foyda solig‘i stavkasi pasaytiriladi

2021 yil 31 avgust kuni  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qurilish materiallari sanoatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra 2021 yil 1 oktyabrdan sement (klinker) ishlab chiqaruvchilar uchun foyda solig‘ining stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytiriladi.

Fuqarolar ishtirokida audit o‘tkazish tizimi joriy etiladi

2021 yil 27 avgust kuni qabul qilingan “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan Hisob palatasi, Moliya vazirligi va ichki audit xizmatlari har chorakda OAV vakillari ishtirokida jamoatchilikka o‘z hisobotlarni e’lon qilib boradi.

Yoshlarga eng yaxshi loyihalar uchun 49 million so‘mgacha grant mablag‘lari beriladi

2021 yil 1 oktyabrdan yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap g‘oyalari tanlovlari tashkil etiladi hamda har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan g‘olibga grantlar berish amaliyoti joriy etiladi. Eng yaxshi loyihalarning har biri uchun BHMning 200 baravarigacha grant mablag‘lari beriladi.

Shuningdek, 2021 yil 1 oktyabrdan har yili “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovi tashkil etiladi.

•    Tanlovda g‘olib deb topilgan mualliflarga:
•    birinchi o‘rin uchun – 100 million so‘m;
•    ikkinchi o‘rin uchun – 75 million so‘m;
•    uchinchi o‘rin uchun – 50 million so‘m mukofot mablag‘lari ajratiladi.

Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi joriy etiladi

2021 yil 11 avgust kuni “Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. 

Ushbu Farmonga ko‘ra 2021 yil 1 oktyabrdan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar va shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar manfaatdor vazirlik va idoralarga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etiladi. 

QQSning salbiy summasini qoplash uchun soliq organlariga ariza bilan murojaat qilish talabi bekor qilinadi

2021 yil 24 avgust kuni “Qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan eksport qilinadigan tovarlar uchun ishlatilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) QQS summasi soliq to‘lovchining O‘zbekistondagi bank hisobvarag‘iga chet el valyutasi tushumi kelib tushishidan qat’i nazar hicobga olinadi.  

Ushbu imkoniyat intizomli soliq to‘lovchilarga (oxirgi bir yil davomida valyuta tushumlarini o‘z vaqtida ta’minlab kelayotgan va eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi bo‘lmagan) tatbiq etiladi.

Tovarlar “eksport” bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e’tiboran 180 kun ichida valyuta tushumi yoki uning bir qismi eksport qiluvchining O‘zbekiston tijorat banklaridagi hisobvarag‘iga kelib tushmagan taqdirda, QQSning hisobga olingan summasi yoki uning tegishli qismi belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.

46 ta tug‘uruq bo‘limlari negizida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etiladi

“Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5199-sonli Prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan tegishli davlat tibbiyot muassasalarida (14 ta) imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinadi va moliyalashtirishning yangi mexanizmi asosida ularni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimi joriy etiladi.

Ayrim investitsiya loyihalari  Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi

2021 yil 21 avgust kuni qabul qilingan “Investitsiya loyihalarini tashqi infratuzilma bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan investorning qiymati 200 milliard so‘mdan oshadigan, uning o‘z mablag‘lari ulushi 25 foizdan kam bo‘lmagan, investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarini zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Jumladan, qiymati 200 milliard so‘mdan oshadigan investitsiya loyihalari doirasida byudjet ssudasi mablag‘lari:

•    elektr energiyasi tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun – “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJlarga;

•    tabiiy gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun – “O‘ztransgaz” AJ va “Hududgazta’minot” AJlarga ajratiladi.


Bundan tashqari, Avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari huzuridagi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish jamg‘armalari hisobidan amalga oshiriladi.

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat OTMlarida o‘qiyotgan farzandlariga birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakti to‘lab beriladi

“Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, oylik ustamalar 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qo‘shimcha ravishda har oy to‘lab boriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

642

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing