Hukumat valyuta kursiga aralashmayapti – Mamarizo Nurmurotov dollar kursi nega ko‘tarilayotganini tushuntirdi
Jamiyat
−
15 aprel 2020
9459O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda xorijiy valyuta, xususan, dollar kursining so‘mga nisbatan ko‘tarilib ketishi kuzatildi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov vaziyatga izoh berib, jarayonni almashinuv kursining to‘g‘rilanishi deb baholadi.
MB raisi tashqi savdo aylanmasi va qo‘shni davlatlardagi vaziyat kursga qanday ta’sir qilayotganini ham tushuntirib berdi. Mamarizo Nurmuratov avvalo Hukumat valyuta kursiga aralashmayotganini ta’kidlab, bunday qilish yaxshi oqibatga olib kelmasligini aytib o‘tdi.
“Markaziy bank yoki Hukumat almashuv kursini bozordagi talab va taklif asosida shakllanishiga aralashmaydi. Agar biz kursga aralashib turib, bozor qoidalarini buzsak, uni keyinchalik to‘g‘irlash juda ham qiyin bo‘ladi. Aprel oyining o‘tgan ikki haftasida valyuta ayirboshlash shoxobchalarida ham ayirboshlash kursi o‘rtacha 6,5 foizga oshishi kuzatildi. Agar yodingizda bo‘lsa, o‘zimizning xabarnomalarimizda valyuta kursining o‘zgarishi bo‘yicha kutilayotgan jarayonlar, bo‘layotgan o‘zgarishlar, aprelning birinchi o‘n kunligida bevosita bizning naqd valyuta ayirboshlashimizda ko‘rinayotganini ta’kidlab o‘tgan edik", dedi Mamarizo Nurmuratov.
Markaziy bank raisi valyuta kursining o‘zgarishini taklif kamaygani holda talab ortib borayotgani bilan tushuntirdi.
"Bunga o‘z navbatida ichki valyuta bozoridagi valyutaga bo‘lgan talabning taklif hajmidan oshishi natijasida, almashinuv kursining ma’lum darajada to‘g‘irlanishi deb qarashimiz lozim. Chunki joriy yilning mart oyidan boshlab, rivojlanayotgan davlatlar, xususan asosiy savdo hamkorlarimizning valyuta kurslarining keskin qadrsizlanayotganini kuzatmoqdamiz. Ushbu holat, albatta, bizning almashinuv kursimizga ham ta’sir o‘tkazadi.
Endi nima uchun biz buni ma’lum darajada kursning to‘g‘rilanishi deb qarashimizga izoh beradigan bo‘lsak, ushbu holat bugun qo‘shni davlatlarda, global iqtisodiyotda bo‘layotgan o‘zgarishlar bizga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Bu, albatta, valyuta ayirboshlash sohasida bo‘layotgan o‘zgarishlarga ham tegishlidir. Shu sababli, qo‘shni davlatlardagi valyuta kursining bizni valyutamizga ta’siri, birinchidan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqi savdo operatsiyalari va chetdan pul o‘tkazmalari hajmlarining o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatadigan bo‘lsa, ikkinchisi, birvosita aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning devalvatsion kutilmalari orqali ta’sir ko‘rsatadi. Hozir qayd etib o‘tilganidek. Qo‘shni davlatlardagi kurslarning qadrsizlanishi, qo‘shni davlatlardagi iqtisodiy o‘zgarishlar albatta, bizni tashqi savdo aloqalarimizda ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.
Shuni ham aytish kerakki, fundamental omillar bilan kutilmalar bir-biridan katta farq qiladi. Chunki, qo‘shni davlatlarda valyuta ayirboshlash kursida bo‘layotgan o‘zgarishlar, albatta, bizni aholimizda, biznes sub’ektlarimizda devalvatsion kutilmalarni shakllantirgan edi. Bu kutilmalar bevosita valyuta tushumlari haqida ham, eksport va pul o‘tkazmalari bo‘yicha ham sezilarli kamayishda o‘z aksini topdi. Lekin ayni paytda importga bo‘lgan talab o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolayotgan yo‘q. Bu o‘z navbatida bizni kursimizni keskin pasayib ketishiga imkon yaratmaydi va uni yumshatish uchun xizmat qiladi.
Agar bevosita tadbirkorlar va aholida nega shunday devalvatsion kutilmalar vujudga keldi deb qaraydigan bo‘lsak, mart oyida pul o‘tkazmalari hajmi fevral oyiga nisbatan 23 foizga pasaydi. Apred oyining dastlabki 10 kunida mart oyining mos davriga nisbatan qariyb 3 baravarga qisqardi. Hamma masala bu yerda odamlarimiz va tadbirkorlarning kutilmalari yuqoriligacha saqlanib qolmoqda. Natijada valyuta birjasida taklif sezilarli kamaygan bo‘lsa, aksincha, valyuta ayirboshlash shoxobchalarida aholi tomonidan sotib olish hajmi yuqori sur’atlarda oshishi saqlanib qoldi”, deya tushuntirdi Mamarizo Nurmuratov.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 aprel kuni Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini 15 foizga tushirdi. Bu qaror inflatsiya darajasi pasaygani bilan izohlandi.
LiveBarchasi