“Tolibon” yetakchisidan tortib Navalniygacha: “Time” 2021 yilning eng nufuzli 100 kishisini e’lon qildi

Olam

image

Bugun, 15 sentyabr kuni Amerikaning “Time” jurnali o‘z versiyasiga ko‘ra 2021 yil uchun dunyoning eng nufuzli 100 kishisi ro‘yxatini e’lon qildi.

Ro‘yxat oltita toifaga bo‘lingan – “Kumirlar”, “Innovatorlar”, “Titanlar”, “San’atkorlar”, “Liderlar” va “Ixtirochilar”.

Qayd etish kerakki, ushbu ro‘yhatdan Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy ham joy olgan. U hozirda qamoqda. Joriy yilning fevral oyida u “Iv Roshe” ishi bo‘yicha 3,5 yilga qamalgan. Bundan avval, 2020 yil avgustda Aleksey Tomsk shahrida zaharlangandi. O‘lishiga bir baxya qolgan Navalniy bir qator intervyu va chiqishlarida joniga suiqasd qilinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinni ayblagan.

“Time” jurnalining bu yilgi ro‘yxatidan, shuningdek, “Tolibon” asoschilaridan biri — Bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar ham joy olgan. Aytish mumkinki, u toliblarning katta diplomatidir. Aynan Barodar AQSH Prezidenti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borgan “Tolibon”ning birinchi yuqori martabali amaldori hisoblanadi. U 2020 yilda Donald Tramp bilan telefonda gaplashgan. Bundan oldin esa u Dohada Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi ko‘rsatilgan shartnomani imzolagan.

Jurnalning asosiy qismiga qaytadigan bo‘lsak, “Kumirlar” orasida Britaniya shahzodasi Garri va uning rafiqasi Megan Markl, tennischi Naomi Osaka, qo‘shiqchi Britni Spirs va boshqalar bor. Xuddi shu toifada yagona rus — Aleksey Navalniyni uchratish mumkin.

Yana bir toifa – “Innovatorlar”. Bu toifa qo‘shiqchi Billi Aylish, kanadalik dizayner Avrora Jeyms, amerikalik gimnast Sunisa Li va boshqalarni o‘z ichiga olgan.

“Titanlar” orasiga esa Apple bosh direktori Tim Kuk, badiiy gimnastika bo‘yicha to‘rt karra Olimpiya chempioni amerikalik Simona Baylz, AQSHning eng titulli sportchisi Ellison Feliks va boshqalar kiritilgan.

“San’atkorlar” orasida esa Omara Si, Skarlett Yoxansson, Keyt Uinslet hamda “Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyasida “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan birinchi osiyolik ayol Xloyu Chjaoni ko‘rish mumkin.

Navbat “Liderlar”ga yetganda, ro‘yxat siyosiy tus olgan. Ularning orasida Jahon savdo tashkiloti rahbari Ngozi Okondjo-Iveala, Eron Prezidenti Ibrohim Raisi, Italiya va Isroil Bosh vazirlari Mario Dragi va Naftali Bennet, AQSHning kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari rahbari Roshel Valenski, Salvador Prezidenti Nayib Bukele va Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar bor. 

Ketma-ket ikkinchi marta ushbu toifadan joy olayotgan liderlar orasida Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin, AQSH Prezidenti Jo Bayden, AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris bor.

“Ixtirochilar” toifasiga SpaceX asoschisi Ilon Musk, Nvidia bosh direktori Jen-Xsun Xuang, “General Motors Company” bosh direktori Meri Barra va boshqalar kirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

265

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing