“Tolibon” yana “Al-Qoida” bilan birgami?

Olam

image

“Tolibon” Afg‘onistonga “Al-Qoida” terrorchilarini kiritmaslikka va’da berdi. Bu haqda “The Washington Post” nashri “Tolibon” siyosiy idorasi   matbuot kotibi Muhammad Naimning Saudiya televideniyesiga bergan intervyusiga asoslanib yozmoqda. 

“Birinchidan, ular Afg‘onistonda yo‘q. Men ko‘p marta aytganimdek, biz hech kimga Afg‘oniston yerlarini boshqa davlatlar xavfsizligiga qarshi ishlatishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deydi Muhammad Naim.

Harakat vakilining aytishicha, toliblarning “Al-Qoida” bilan aloqasi yo‘q. Faqatgina ikki tuzilma a’zolari o‘rtasida “oilaviy aloqalar” bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, harakat Afg‘onistonning deyarli butun hududini egallab olganidan so‘ng, “Al-Qoida” tarafdorlarining tabriklarini ahamiyatli, deb hisoblamagan. 

Qayd etish kerakki, BMTning iyun oyidagi hisobotida Tolibon va “Al-Qoida” aloqalarni uzmagani keltirilgan. Shuningdek, hisobotda “Al-Qoida” Afg‘onistonning kamida 15 viloyatida bo‘lgani hamda 500 nafargacha jangarilarni mamlakat bo‘ylab joylashtirgani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, sobiq Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani “Tolibon” harakati “Al-Qoida” terrorchilik tarmog‘i, shuningdek “Lashkari-toyiba” va “Jayshi Muhammad” terrorchilik guruhlari bilan chuqur aloqa o‘rnatganini ta’kidlagan edi.

Ma’lumot o‘rnida, 2001 yilda AQSHda amalga oshirilgan qator terrorchilik harakati aynan “Al-Qoida”ning ishi edi. O‘sha paytda Afg‘onistonni boshqarayotgani “Tolibon” Usama ben Lodenga (“Al-Qoida”ning rahbari — tahr.) siyosiy boshpana berib, uni AQSH qo‘liga topshirishdan bosh tortgan. Aynan ushbu holat AQSH tarixida eng uzoq davom etgan urushning boshlanishiga olib kelgan. Bugungi kunda jahon hamjamiyatining xavotiri ham “Tolibon” hamon terrorchilik tashkiloti bilan birgami, degan savol asosiga qurilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

565

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing