“Tolibon” dahshati: AQSH qancha afg‘onistonlikka maxsus viza berdi? 

Olam

image

Joriy yilning 17 avgustidan buyon AQSH Afg‘onistondan umumiy hisobda 60 mingga yaqin odamni qabul qilib oldi. Bu haqda “Associated Press” nashri mamlakat Ichki xavfsizlik vazirligiga tayanib, xabar berdi

Qayd etilishicha, evakuatsiya qilinganlarning 17 foizi – AQSH fuqarolari va doimiy rezidentlari. Qolganlari Amerika armiyasi va NATO kuchlariga yordam bergani uchun maxsus vizaga ega bo‘lgan afg‘onistonliklardir.

Ma’lum qilinishicha, ko‘plab sa’y-harakatlarga qaramay, Afg‘onistonda bir qancha amerikaliklar qolib ketgan. Rasmiy Vashington evakuatsiya qilish operatsiyasi yakunlangan bo‘lsa-da, AQSH fuqarolarini Afg‘onistondan olib chiqib ketish yo‘llarini topishini ta’kidlagan.

Qayd etish kerakki, joriy yilning 15 avgust kuni rasmiy Qobul qulagach, shahar aeroportida olomon yig‘ildi. “Tolibon”dan qo‘rqib, mamlakatni tark etish ilinjida bo‘lgan millionlab afg‘onistonliklar aeroportga kelgan va ketgan har bir samolyotga jon talvasasida osilib, tartibsizliklar keltirib chiqardi. Taloto‘plarda halok bo‘lgan va jarohat olganlar ham talay bo‘ldi. 

Eslatib o‘tamiz, AQSH tarixida eng uzoq – 20 yil davom etgan harbiy operatsiya joriy yilining 31 avgust kuni yakunlandi. Bu bilan birga Afg‘onistondan AQSH harbiylari va fuqarolarini evakuatsiya qilish ham nihoyasiga yetdi. 

Ma’lumot o‘rinda, 2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlari olib chiqib ketildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

192

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing