“Tolibon” Tojikistondan talab qilayotgan samolyot va vertolyotlar kimga berilishi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

O‘tgan yili avgust oyida “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olganda Afg‘oniston armiyasi askarlari Tojikistonga olib o‘tgan samolyot va vertolyotlar toliblarga qaytarilmaydi. Ular AQSH mulki hisoblanadi va rasmiy Vashington texnikalarni Tojikiston hukumatiga bermoqchi. AQSH Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurill Tojikistonga tashrifi chog‘ida jurnalistlar bilan suhbatda shunday fikr bildirdi.

“O‘tgan yilning avgust oyida Afg‘oniston harbiy-havo kuchlari samolyotlari xavfsizligini ta’minlagani uchun Tojikiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan minnatdormiz. “Tolibon” bir necha bor tahdid qilib, bu borada o‘z talablarini ilgari surganiga qaramay, samolyotlar Tolibonga tegishli bo‘lmagani uchun ularga qaytarilmaydi”, deydi general Kurill.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Tojikiston hukumati bilan samolyotlardan samarali foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishning eng yaxshi yo‘lini aniqlash ustida ishlamoqda.

“Umid qilamizki, samolyotlarning bir qismini yoki barchasini Tojikiston hukumatiga topshira olamiz. Bu qachon sodir bo‘lishini aniq ayta olmayman, lekin biz bu muammoni hal qilish uchun harakat qilyapmiz”, degan amerikalik qo‘mondon.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH 2021 yil bahorida o‘z Qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketishini e’lon qilganidan keyin “Tolibon” harakati Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 15 avgust kuni “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi, Prezident Ashraf G‘ani esa Respublikani tark etdi. 6 sentyabrda toliblar butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida e’lon qilgan bo‘lsa, 7 sentyabrda esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.

Afg‘onistonda hukumat ag‘darilganda afg‘on uchuvchilari nafaqat Tojikiston, balki O‘zbekistonga ham harbiy texnikalar bilan qochib o‘tgan. O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashevning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil 21 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 46 ta, Tojikistonda esa 18 ta samolyot bor edi, ular orasida Mi-17, UH-60 vertolyotlari, shuningdek, PC-12, C-208, AC-208 va A-29 samolyotlari bor.

O‘zbekiston tomoni "Tolibon"ning talab qilishiga qaramay, uchoqlarni Afg‘onistonga qaytarish niyatida emas. Rasmiy Toshkent texnikalarni AQSHga topshirishga qaror qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

538

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing