“Tolibon” Tojikiston uchun muhim bo‘lgan qarorgohni egallab oldi
Olam
−
01 iyul 2021
41449Kecha, 30 iyunga o‘tar kechasi “Tolibon” harakati Afg‘onistonning Toxar viloyati Farxor tumanida joylashgan Ahmad Shoh Ma’sudning eng yirik va tarixiy qarorgohi — “Chamani Xustdex”ni egallab oldi. Bu haqda Afg‘oniston OAV yozmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Ahmad Shoh Ma’sud — kelib chiqishi tojik bo‘lgan afg‘onistonlik siyosatchi. U 1992–2001 yillarda hozirgi Afg‘oniston hududida mavjud bo‘lgan Afg‘oniston Islom Davlatining Mudofaa vaziri bo‘lgan.
“Tolibon” taniqli sobiq mujohidlar qo‘mondonining konferensiya xonasida o‘tirgan jangarilarining fotosuratlarini e’lon qildi. Xabarlarga ko‘ra, toliblar qarorgohni egallab olgan va zalda harbiy miting o‘tkazgan. Bu rasmlar afg‘onistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.
BBC Dari’ning qayt etishicha, “Chaman Xustdex” Afg‘onistonning sobiq shohi Muhammad Zohirga tegishli bo‘lgan. Ushbu qarorgohdan Ahmad Shoh Sovet Ittifoqi va “Tolibon”ga qarshi urush paytida foydalangan.
Afg‘oniston OAVning xabarlariga ko‘ra, bu nafaqat Ahmad Shoh Ma’sudning qarorgohi, balki Sovet Ittifoqi va “Tolibon”ga qarshi urush davridan muzey bo‘lib qolgan. Unda ko‘plab harbiy asarlar va esdaliklar saqlanadi. Ma’sudning ba’zi shaxsiy buyumlari ham shu yerdan joy olgan.
Ma’lum qilinishicha, “Chaman Xustdex” tarixiy joy maqomiga ega bo‘lib, uni Afg‘oniston Mudofaa vazirligi madaniyat bo‘limi kuzatgan va uning yaxshi holda saqlanishi uchun pul to‘lagan.
Tojikiston uchun “Tinchlik uyi”
Ushbu qarorgoh Tojikiston uchun tarixiy va muhim joy hisoblanadi. Bu yerda 1996 yilda Prezident Imomali Rahmon va Tojikistondagi muxolifat kuchlari rahbari Sayid Abdulloh Nuri mamlakatda tinchlik uchun asos yaratgan. Bu joyning tojiklar uchun ahamiyati haqida, hatto Imomali Rahmonning o‘zi bir necha bor gapirgan.
“Agar Oliy Kengashning 16-sessiyasi Tojikiston birligiga asos solgan bo‘lsa, unda Xustdehdagi muzokaralarda tojiklar o‘rtasida tinchlikning asosiy yo‘nalishlari yaratilgan”, degan edi Imomali Rahmon 2020 yilda Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Burxonuddin Rabboniyni eslab.
Tojikistondagi tinchlik muzokaralarining ko‘plab ishtirokchilari va jarayon tadqiqotchilari ham mamlakatda tinchlik va birlikni tiklash bo‘yicha muzokaralarning eng muvaffaqiyatli davri Xustdexda bo‘lganini qayd etadi. Ushbu uchrashuv Afg‘onistonning o‘sha davrdagi siyosiy harbarlari Burhonuddin Rabboniy va Ahmad Shoh Ma’sud tashabbusi bilan tashkil qilingan.
LiveBarchasi