“Tolibon” Mirziyoyevning “Asr loyihasi”ni xavf ostida qoldirdi. Endi Toshkent qanday yo‘l tutadi? 

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

“Tolibon” harakatining Afg‘onistonda hokimiyatga kelishi O‘zbekistonning Janubiy Osiyo uchun mo‘ljallagan rejalarini xavf ostida qoldirdi. “Euronews” muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan ushbu mavzu doirasidagi suhbatda quyidagicha savol bilan yuzlandi: 

“Tolibon” hokimiyatga kelishidan avval Afg‘oniston O‘zbekistonning muhim savdo hamkorlaridan biri edi. O‘rtada Afg‘oniston orqali o‘tuvchi va O‘zbekistonni dengiz portlari bilan bog‘lovchi temir yo‘l qurish rejasi ham bor edi. Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat Markaziy Osiyo uchun xavfsizlik borasidagi eng yirik muammolardan biri sifatida ko‘rilayotgan bir paytda rasmiy Toshkentning strategiyasi qanday bo‘ladi?”.

Foto: Sodiq Safoyev

Ushbu savolga Sodiq Safoyev quyidagicha javob qaytardi:

“Bugun Afg‘oniston yana bir bor gumanitar inqiroz yoqasida turibdi. Afg‘onistonni mintaqaviy va global jarayonga qo‘shishni davom ettirish juda muhim. Xalqaro hamjamiyat o‘tgan davr xatosini takrorlay olmaydi va uzoq vaqt azob chekkan ushbu mamlakatni taqdir hukmiga tashlab qo‘ya olmaydi. Uzoq muddatli tinchlik faqat milliy yarashuv va inklyuziv hukumat natijasi bo‘lishi mumkin. Afg‘onistonning yangi rasmiylari va jahon hamjamiyati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot ham zarur. Afg‘onistonda iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish kerak. Bu butun mintaqa va Afg‘onistonning o‘zini xalqaro iqtisodiy munosabatlarga jalb qilish imkoniyatlarini oshirmaydi, balki Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi”.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston aynan Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurib, dengizga chiqishni reja qilgan. Bu uchun bir necha yirik loyihalar ham tayyorlangan. Joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli yirik xalqaro anjuman aynan ushbu loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning iyun oyida Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifida O‘zbekistonni dengizga olib chiqishi mumkin bo‘lgan “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yo‘li qurilishini yuqori baholab, uni “asr loyihasi”, deb atagan edi. Ushbu temir yo‘l liniyasi aynan Surxondaryo viloyatining ma’muriy markazi Termizdan boshlanadi. 

Foto: Prezident Surxondaryoda

“Tasavvur qiling, bitta o‘zbek konteynerini Eron yoki Pokiston orqali tashish 3–4 baravar arzonlashadi, vaqt 4–5 baravar qisqaradi... Eksport qilish uchun yo‘l kerak. Yo‘l qisqa va arzon bo‘lganida, barqaror iqtisodiy rivojlanish ta’minlanadi, bu tadbirkorlarga foyda olib keladi”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etish kerakki, Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurishda aynan O‘zbekistonning imkoniyatlari boshqa davlatlarga qaraganda ko‘proq. Chunki Surxondaryo viloyati bilan chegaradosh hisoblangan Afg‘onistonning Balx viloyati kerakli infratuzilmaga ega. 

“Tolibon” harakatining joriy yil avgust oyida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olishi bir qarashda O‘zbekistonning barcha rejalarini “puchga chiqargandek” bo‘ldi. Biroq, rasmiy Toshkentning hozircha “hafsalasi pir” bo‘lgani yo‘q. O‘zbekiston intensiv ravishda Qobulning yangi “egalari” bilan “til topishish”ga urinmoqda. Bunda avval reja qilingan loyihalarni amalga oshirishdan ham ko‘ra xavfsizlik masalasi kun tartibida ko‘proq ustunlikka ega. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2854

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing