“Tolibon” ISHIDga qarshi kurashda qaysi davlatdan yordam olayotgani aytildi
Olam
−
24 Oktabr 2021
12111Pokiston Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakatiga ISHID terrorchilik guruhiga qarshi kurashda yordam ko‘rsatmoqda. Bu haqda “The Washington Post” gazetasi kecha, 23 oktyabr kuni “Tolibon”ning ikki rasmiy vakiliga tayanib, xabar berdi.
Gazetaga ko‘ra, Pokiston terrorchilarga qarshi kurashda razvedka ma’lumotlarini uzatish va texnik yordam ko‘rsatish uchun “norasmiy kanallar”dan foydalanmoqda. Xususan, Pokiston tomoni ISHID jangarilarini aniqlash maqsadida “Tolibon”ga telefon qo‘ng‘iroqlari va internet faolligini kuzatishda yordam bermoqda.
“Pokiston bizning birodarimiz va ular bizni ko‘p jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda, jumladan [ISHID haqida] ma’lumot va razvedka axborotlari bilan ko‘mak bermoqda. Agar AQSH va dunyoning qolgan qismi biz bilan ma’lumot almashganda, biz “Daish”ni (ISHIDning arabcha nomlanishi – tahr.) sanoqli kunlarda mag‘lub etgan bo‘lardik”, deydi “Tolibon” yetakchilaridan biri.
O‘z navbatida, Pokiston Tashqi ishlar vazirligining ismi oshkor qilinmagan vakili gazetaga bergan intervyusida, bu norasmiy muloqot va razvedka almashish bo‘yicha o‘rnatilgan sheriklik emasligini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, mansabdor shaxs rasmiy Islomobod “Tolibon” bilan terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik masalasini muhokama qilganini tasdiqlagan.
“Qobul bilan biron bir hamkorlikni inkor etib bo‘lmaydi. Nafaqat Pokiston, balki mintaqaning boshqa davlatlari, xususan, Rossiya va Eron ham ISHIDdan xavotirda. Demak, terrorizmga qarshi kurashning mintaqaviy darajasi haqida so‘z borayotgan bo‘lishi mumkin”, deydi u.
Shu bilan birga, “Tolibon” vakili Bilol Karimiy harakat ISHIDni Afg‘oniston uchun “jiddiy tahdid” deb hisoblamasligini aytgan.
“Buni katta muammo deb bilmaymiz, shuning uchun bu masalani hal qilish uchun bizga tashqaridan yordam kerak emas”, deydi u.
LiveBarchasi