“Tolibon” inson huquqlari bo‘yicha G‘arb bilan muzokaralar olib bormoqchi
Olam
−
22 yanvar 2022
6088Joriy yilning 23-25 yanvar kunlari Norvegiya poytaxti Osloda Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati va G‘arb mamlakatlari vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 22 yanvar kuni Rasmiy Oslo va “Tolibon” vakillari ma’lum qilgan.
Norvegiya Tashqi ishlar vaziri Anniken Xyuitfeldning bildirishicha, u inson huquqlari va afg‘on xalqiga gumanitar yordamlarni qayta yo‘lga qo‘yish masalasida muzokaralarni olib borish uchun poytaxt Osloga “Tolibon” rasmiylarini taklif qilgan.
“Biz Afg‘oniston boshidan kechirayotgan muammolardan jiddiy xavotirdamiz. Mamlakatda sodir bo‘lgan so‘nggi voqelar ortidan iqtisodiy va siyosiy ahvol izdan chiqib, aholi ocharchilikdan aziyat chekmoqda”, deya bildirgan o‘z bayonotida Norvegiya vaziri.
Afg‘oniston delegatsiyasiga “Tolibon” muvaqqat hukumatining vaqtinchalik Tashqi ishlar vaziri vazifasini o‘tayotgan Amir Xon Muttaqiy boshchilik qilishi aytilomoqda.
Bu Afg‘onistonda hukumat o‘zgarganidan buyon “Tolibon” vakillarining G‘arbga qiladigan birinchi rasmiy tashrifi bo‘ladi. Bunga qadar, “Tolibon” rasmiylari Rossiya, Xitoy, Eron, Qatar va Turkmanistonga amaliy tashrif uyushtirishgan.
Afg‘oniston Madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Zabihulloh Mujohidning ma’laum qilishicha, mamlakat vaqtinchalik Tashqi ishlar vaziri Muttaqiy uchrashuv chog‘ida AQSH delegatsiyasi bilan yopiq eshiklar ortida uchrashuv o‘tkazib, Yevropa rasmiylari bilan ikki tomonlama hamkorlik muzokaralarini olib boradi.
Bundan tashqari, uchrashuv chog‘ida qator inson huquqlari va xotin-qizlar huquqlari tarafdori bo‘lgan tashkilotlar “Tolibon”ga bir nechta talablarni yuklashi kutilmoqda. Qayd etilishicha, mamlakatdagi etnik ozchilik va ayollar huquqlari poymol qilinishi to‘xtatilib, xotin-qizlarga huquqiy erkinliklar berilishi kafolatlanishi kerak.
Mamlakatda qizlar ta’lim-tarbiyasi eng og‘riqli nuqta ekani hech kimga sir emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonning atigi 10 ta viloyatida qizlarning 7-sinfgacha ta’lim olishiga imkon beriladi. Faqatgina mamlakat poytaxti Qobulda universitet va litseylar uzluksiz ta’lim berishda davom etmoqda.
Norvegiya Tashqi ishlar vazirining bildirishicha, afg‘on delegatsiyasi bilan inson, xotin-qizlar va jurnalistlar haq-huquqlari hamda iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy muammolar yechimi haqida muzokaralar olib boriladi.
“Tolibon” rasmiysi Muttaqiy uchrashuv chog‘ida AQSH va Yevropadan Afg‘onistonning muzlatilgan 10 milliard dollar atrofidagi mablag‘larini qaytarishni talab qilishi ma’lum qilingan.
Joriy haftada Norvegiya Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya afg‘on xalqiga xalqaro gumanitar yordamlar oqimini qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Afg‘onistonga amaliy tashrif bilan kelgan edi.
Norvegiya vazirining bildirishicha, pandemiya sababli rivojlanishdan to‘xtagan iqtisodiyot va xalqaro yordamlar oqimining cheklanishi ortidan, Afg‘oniston bo‘ylab 24 million aholi ocharchilikdan aziyat chekmoqda.
Behruz Saidov
LiveBarchasi