“Tolibon” effekti: Qirg‘iziston afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilmoqchi

Olam

image

Qirg‘iziston afg‘onistonlik etnik qirg‘izlarni qabul qilishga tayyor va bu jarayonda BMT hamda Tojikistondan yordam so‘ramoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

“Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Markaziy Osiyodagi Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi Mintaqaviy idorasiga va Qirg‘izistondagi BMT Qochqinlar bo‘yicha byurosiga Tojikiston respublikasida vaqtincha bo‘lib turgan afg‘onistonlik etnik qirg‘izlari bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan murojaat qilib, ularni Tojikiston Respublikasidan Qirg‘iziston Respublikasiga evakuatsiya qilishni tashkil qilishda yordam so‘radi”, deyiladi Matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga afg‘onistonlik etnik qirg‘izlarni qirg‘iz-tojik davlat chegarasidagi nazorat punktlariga xavfsiz yetib borishi uchun ko‘mak berish to‘g‘risida iltimosnoma yuborgan.

“Hozirda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston hukumati va BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi bilan afg‘onistonlik etnik qirg‘izlarni Qirg‘iziston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilish bo‘yicha tegishli ishlarni olib bormoqda. O‘z navbatida, Qirg‘iziston tomoni Tojikiston Respublikasi hukumatining xalqaro majburiyatlariga muvofiq evakuatsiya masalasini tezkor hal qilish uchun maksimal darajada yordam berishiga umid qilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Chegara xizmati joriy yilning 13-14 iyul kunlari qirg‘iz millatiga mansub afg‘onlarning 347 nafari (shu jumladan 91 erkak, 77 ayol, 177 voyaga etmagan bola: 64 o‘g‘il, 113 qiz) Tojikistonga o‘tgani haqida xabar bergandi.

Qayd etilishicha, ularning barchasi Afg‘onistonning Badaxshon viloyati, Vaxon tumanidagi Andemin qishlog‘ining aholisi. Davlat chegarasini kesib o‘tishda ikki go‘dak vafot etgan. Ayni vaqtda qochqinlar Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati Murg‘ob tumanida bo‘lib turibdi.

Afg‘onistonning Tojikistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, 13-14 iyul kunlari chegarani kesib o‘tganlardan tashqari barcha afg‘on qochqinlari o‘z vatanlariga qaytarilgan. Ularning soni mingdan oshiq va aksariyati, chegarachi harbiylar bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

184

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing