“Tolibon” bergan va’dalarini bajarishi shart – Abdulaziz Komilov

Intervyu

image

Afg‘onistonda “Tolibon” o‘rnatgan muvaqqat hukumat o‘z va’dalarini bajarishi shart. Bular hamjamiyat qo‘yayotgan talablar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Latviya Tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan Toshkentda o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida so‘z ochdi. 

Vazir o‘z nutqida Afg‘oniston muammosini hal etish O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi munosabatlarga to‘xtaldi. 

“Biz Latviya Tashqi ishlar vaziri bilan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdik. Albatta, Latviya NATO va Yevropa Ittifoqi doirasida Afg‘oniston bilan bog‘liq muayyan majburiyatlarga ega. Biroq o‘tgan yillar shuni ko‘rsatdiki, hatto ushbu majburiyatlar doirasida ham Latviya har doim oqilona, amaliy, puxta o‘ylangan, turli mafkuralardan xoli yondashuvni namoyon etib kelmoqda. Shu bois latviyalik do‘stlarimiz bilan bu masalada muloqot qilish biz uchun doim yoqimli va foydali bo‘lib kelgan. Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida ham biz Latviya delegatsiyasiga Afg‘oniston masalasida O‘zbekiston pozitsiyasi va yondashuvlari haqida ma’lumot berdik”, deydi vazir. 

Uning qayd etishicha, Afg‘oniston muvaqqat hukumatini tan olish tomonlarning harakatlari evazigagina amalga oshadi. Bu o‘rinda Afg‘oniston muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyat talablarini bajarishi, xalqaro hamjamiyat esa bajarilgan talablar evaziga Afg‘oniston Hukumatini rag‘batlantirib borishi kerak. 

“Bugun Afg‘onistonda mutlaqo yangi voqelik shakllangani haqiqat. Albatta, ushbu davlat muvaqqat hukumatini tan olish yoki tan olmaslik borasida turlicha yondashuvlar mavjud. Hukumatni tan olish masalasi – ikki tomonlama harakatlar evazigagina amalga oshishi mumkin. Ya’ni, oldinga siljish kerak: muvaqqat hukumat o‘z va’dalarini bajarishi shart (va ular juda ko‘p). Bular xalqaro hamjamiyat qo‘yayotgan deyarli o‘sha shart va talablardir. 

Boshqa tomondan esa xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonda amalga oshirilayotgan har qanday ijobiy qadam va o‘zgarishlarni rag‘batlantirishi kerak. Bu hukumat bilan ishlash, muloqot qilish, ta’sir o‘tkazish, xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari va shartlari haqida ma’lumot berish kerak. Shu tariqa qarashlarni yaqinlashtirish, o‘zgarishlarni yaxshi tomonga burish mumkin”. 

Komilov O‘zbekiston eng og‘ir davrlarda ham Afg‘oniston vakillari bilan aloqalarni to‘xtatmagani, bugun esa savdo-iqtisodiy hamkorlikni davom ettirayotganini urg‘uladi. 

“Tashqi ishlar vaziri timsolida Latviya tomoni ham, Yevropa Ittifoqi rahbariyati, jumladan, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel ham yakdil fikr bildirmoqda, ya’ni bugungi kundagi asosiy vazifa – Afg‘onistonda gumanitar halokatning oldini olishdir. Vaziyatning keskinlashishi jamiyatda radikallashuv, turli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar, ektremizm kuchlarining kuchayishiga olib kelishi mumkin”, deydi O‘zbekiston Tashqi idorasi rahbari. 

Komilovning fikricha, bugun muvaqqat hukumat pozitsiyasi xalqaro hamjamiyat, jumladan Toshkent pozitsiyasi bilan hamohang. Uning qayd etishicha, hukumat mamlakatni terrorchilardan tozalash uchun ko‘plab choralarni amalga oshirmoqda.

“O‘zbekiston va Latviyaning Afg‘oniston masalasidagi umumiy manfaatlari xalqaro hamjamiyat manfaatlari bilan hamohangdir. Bu esa, ayni paytda qanchalik g‘ayritabiiy tuyulmasin, Afg‘oniston muvaqqat hukumati pozitsiyasiga ham mos keladi. Ushbu hukumat mamlakatni terrorchilardan tozalash uchun ko‘plab choralarni amalga oshirmoqda. Ular mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy hamjamiyatga integratsiyalashish istagini bildirmoqdalar. Biz ushbu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Shu bilan birga, o‘z shartlarimizga amal qilinishi, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, terrorizmning bartaraf etilishi, Afg‘oniston xalqi uchun munosib yashash shart-sharoitlari yaratilishini talab qilishimiz zarur. 

Gumanitar falokatning oldini olish borasidagi ishlarning muhim jihatlaridan biri O‘zbekiston tomonidan tashkiliy-texnik yordam ko‘rsatilayotganidir. O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan chegara hududi infratuzilma imkoniyatlaridan foydalangan holda Afg‘onistonga insonparvarlik yuklarini tashkillashtirilgan ravishda yetkazib berish uchun Termiz shahrida ko‘p funksiyali xalqaro transport xabi allaqachon tashkil etildi.  Ushbu markazni ta’sis etish tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun Latviya tomoniga minnatdorlik bildiramiz”, deydi Komilov. 

Vazirga ko‘ra, Afg‘oniston bo‘yicha yetarli tajribaga ega bo‘lgan Latviya Toshkentning o‘zaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida Afg‘oniston masalasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish istagini bildirgan. 

“Chunki Afg‘oniston bilan bog‘liq ko‘plab masalalarda yondashuvlarimiz mushtarakdir”, deya so‘ziga yakun yasaydi Komilov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

207

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing