“Tolibon” Afg‘oniston poytaxtini ko‘chirmoqchi
Olam
−
31 may 2022
16459“Tolibon” harakati Afg‘oniston poytaxtini Qobuldan mamlakat janubida joylashgan Qandahor shahriga ko‘chirmoqchi. Bu haqda Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti Amrullo Solih ma’lum qilgan.
“Tolibon” hech qanday ogohlantirishlarsiz Afg‘oniston poytaxtini Qandahorga ko‘chirmoqchi”, deydi Solih.
Sobiq vitse-prezidentga ko‘ra, ushbu qaror bilan “Qobul ma’muriy poytaxtga aylanishi va siyosiy keskinlik hamda hukumatga qarshi chiqishlardan holi bo‘lishi kerak”.
Solih mamlakat parlamentiga saylovlar esa “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda boshchiligidagi maxsus qo‘mita nazorati ostida o‘tkazilishini ta’kidlagan. Parlamentning o‘zi faqat Bosh vazirning dasturini eshitadi, lekin uni ma’qullash yoki rad etish huquqiga ega bo‘lmaydi.
Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti "Tolibon" Oliy Ulamolar kengashini Qandahorda tashkil etish haqida qaror qabul qilganini aytmoqda.
Solihga ko‘ra, aynan shu tuzilma Oxundzoda vafotidan keyin harakatning yangi rahbarini tayinlash vakolatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Oliy Ulamolar Kengashi Afg‘oniston viloyatlariga mamlakatdagi oliy siyosiy va diniy hokimiyat vakillari sifatida o‘z ishonchli vakillarini yuboradi.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH 2021 yil bahorida o‘z Qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketishini e’lon qilganidan keyin “Tolibon” harakati Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 15 avgust kuni “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi, Prezident Ashraf G‘ani esa Respublikani tark etdi. 6 sentyabrda toliblar butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida e’lon qilgan bo‘lsa, 7 sentyabrda esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.
LiveBarchasi