“Tolibon” ham Trampning saylovdagi g‘alabasiga munosabat bildirdi

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Donald Trampning saylovdagi g‘alabasidan so‘ng Oq uy boshqaruvi yangi ma’muriyatga o‘tgach, Qobul va Vashington o‘rtasida “yangi bob” ochilishiga umid bildirdi. Bu haqda bugun, 6 noyabr kuni muvaqqat hukumat Tashqi ishlar vazirligi vakili Abdul Qohir Balxiyga tayanib, “Ariana news” xabar berdi.

Bildirilishicha, vazirlik kelajakda Donald Tramp prezident bo‘lishi bilan AQSH hukumati o‘z maqsadlariga yetish uchun real qadamlar qo‘yishini hamda Qobul va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarda sezilarli taraqqiyotga erishishiga umid qilmoqda.

Balxiy, shuningdek, “Tolibon” ikki davlat o‘rtasida o‘zaro munosabatlar asosida yangi bir bosqichni boshlash umidida ekanini bildirgan. Bundan tashqari, u Afg‘oniston va AQSH o‘rtasidagi Doha kelishuvi Donald Trampning prezidentligi davrida imzolanganini, shundan so‘ng Afg‘onistonda 20 yillik bosqinchilik tugaganini qayd etgan.

“Tolibon” Trampning mintaqadagi va dunyodagi hozirgi urushlarni, xususan, G‘azo va Livandagi ziddiyatlarni yakunlashda konstruktiv rol o‘ynashiga umid qilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 noyabr kuni AQSHda mamlakat prezidentligi uchun navbatdagi saylovlar boshlangan edi. Unda respublikachilardan Donald Tramp va demokratlardan Kamola Harris raqobatlashdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, sobiq prezident Donald Tramp saylovdagi g‘alabasini e’lon qildi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing